6-noyabrda Tojikiston—O‘zbekiston “Ishqobod” chegara-postiga hujum uyushtirgan jangarilarning hammasi Tojikiston fuqarolari bo‘lib chiqdi. Bu haqda Tojikiston IIV matbuot kotibi Umarjon Emomali bergan ma’lumotga tayanib Sputnik xabar berdi.

Foto: Tojikiston IIV matbuot xizmati

“Bosh prokuratura mazkur ish bo‘yicha tergovni davom ettirmoqda. Hujum uyushtirganlarning shaxsi kun oxiriga qadar ma’lum bo‘ladi”, — deya ta’kidlagan Umarjon Emomali.

Shuningdek, IIV matbuot kotibi halok bo‘lgan va qo‘lga olingan terrorchilar orasida ayollar ham borligini bildirdi.

Emomali Tojikiston maxsus xizmati ishiga baho berib, barcha kuchishlatar tizim bo‘linmalarining 50 foizli jangovar tayyorgarlikka shay holatda turganini qayd etdi.

Sputnik hujum vaqtida halok bo‘lgan chegarachi haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim etgan. Chegarachining ismi Izatillo Abubakr bo‘lib, 26 yoshli harbiy xizmatchi Zarafshon tumanidagi Abubakr Latipov – Mulla Abubakrning o‘g‘li bo‘lgan. Militsioner – Bahrom Shahzoda esa Rudakiy tumanidagi “Esonboy” qishlog‘ida uchastka noziri lavozimida ishlagan.

5-noyabrdan 6-noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar qurollangan va yuziga niqob taqqan jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi “Ishqobod” postining “Sultonobod” harbiy otryadiga hujum qilgani, to‘qnashuv natijasida noma’lum shaxslar chegarchilarning 5 ta avtomatini egallab olgani, xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a’zosi o‘ldirilgani va 5 nafar jangari qo‘lga olingan. Tojikiston tomondan bir nafar askar va militsiya xodimi halok bo‘lgani ma’lum qilingan. Ushlangan noma’lum shaxslar so‘roq qilinganidan keyin jangarilarning Afg‘oniston hududidan qochib o‘tgan IShID terrorchilari ekanligi haqida xabar berilgan. Ular Tojikistonga 3-noyabr kuni Afg‘onistondan Xatlon viloyati orqali kirib kelgan va Rudakiy tumanida 200 kilometrlik masofani bosib o‘tgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.