Joriy yilning avgust oyida Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida mehnat migratsiyasida bo‘lgan besh nafar fuqaro YTHga uchragani, oqibatda ularning ikki nafari halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Halok bo‘lganlardan biri O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. 5-noyabr kuni ushbu YTHda jabrlangan O‘zbekiston fuqarosi o‘z yurtiga olib kelindi. Bu haqda O‘zbekistonning Rostov-Dondagi Bosh konsulligiga tayanib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar berdi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

YTH sodir bo‘lganida qolgan uch nafar fuqaro Temryuk kasalxonasiga yetkazilgan. Mazkur fuqarolarning ikki nafarini ahvoli yaxshilangach, O‘zbekistonga qaytib kelgan. Biroq 1985-yil Namanganda tug‘ilgan Ravshan To‘xtamatov juda jiddiy jarohat olgan bo‘lib, unda suyak sinishlari, ichki a’zolarining lat yeyishi, miyasida jiddiy jarohat hamda gemotoma borligi aniqlangan. “Yotoq” bemorini samolyotda O‘zbekistonga yetkazishni hech bir reys xohlamagan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Uzbekistan airways MAK Ravshan To‘xtamatovni O‘zbekistonga qaytarish yo‘lida birlashib, u 5-noyabr kuni vataniga olib kelindi.

Bemorning turmush o‘rtog‘i E’zoza Mamatovaning aytishicha, Ravshan To‘xtamatovga u O‘zbekistonga yetib kelgungacha bo‘lgan muddatda O‘zbekistonning Rostov-Dondagi Bosh konsulligi yordam ko‘rsatgan, vaziyatni nazoratga olgan.

Bemorning O‘zbekistonga qaytarilishida Uzbekistan airways MAK tomonidan, istisno tarzida, Ravshan To‘xtamatovga “yotoq” joy hamda uning hamrohlari uchun jami 9 ta o‘rin tashkilot hisobidan ajratib berilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazorat qiluvchi hamda parvoz payti unga hamrohlik qiluvi maxsus shifokorni safarbar etgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bemorni maxsus zambilda Toshkent aeroportidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markaziga yetkazgan.