7-noyabr kuni Pokistonning Panjob viloyati Laxor shahri hokimligi fuqarolar sog‘lig‘iga xavf solayotgan zaharli tutun sabab maktablarni vaqtinchalik yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda “Regnum” xabar berdi.

Foto: Gnnhd

Pokistonning Dunya News telekanali millonlab aholi yashaydigan shaharning barcha maktablari zaharli ob-havo sharoiti tufayli yopib qo‘yilganini e’lon qildi. Viloyat hokimligi shahardagi ekologik holatdan xavotirda: vazir Sardor Usmon Buzdar shahardagi barcha mahalliy tuzilmalar va viloyat mas’ullarini vaziyatni yaxshilashga chaqirdi.

Laxor shahri havosi eng iflos hududlar reytingida yuqori o‘rinlarda turadi. Panjob viloyati hokimligi ushbu ekologik inqirozda qo‘shni Hindistondagi vaziyatni aybladi.

Hindiston poytxati Nyu-Dehli shahrida ham atrofdagi qishloqlarda dehqonlarning poxol yoqishi sababli havoning ifloslanish darajasi 10 baravar ko‘paygan va maktablar yopib qo‘yilgan, shuningdek, hukumat aholining avtomobildan foydalanishini cheklash bo‘yicha qaror qabul qilgan. Unga ko‘ra toq kunlarda toq, juft kunlarda esa juft davlat raqamiga ega mashinalardan foydalanish mumkin.

Sentabrda dunyo shaharlaridagi ifloslanish va havo sifati indeksini tahlil qiluvchi The World Air Quality Index’ning eng yirik onlayn-monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent havosi iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagani ma’lum qilingan. “O‘zgidromet” Toshkentning havosi eng iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallashi noto‘g‘ri ma’lumot deb atagan va “AirVisual.com” sayti rasmiy davlat sayti hisoblanmasligi, ma’lumotlar xususiy kompaniyalar va tashkilotlarning sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari asosida kelib tushishini qayd etgandi.