Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanini qaytadan tiklanadi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida aytiladi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Hujjatga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani qayta tiklanib, Qiziriq va Boysun tumanlari chegaralari o‘zgartirilishi mumkin.

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hududidagi “Bandixon”, “Bektepa”, “Obod turmush”, “Polvontosh”, “Saroy”, “Birdamlik”, “Chinor”, “Paxtakor”, “Navbahor”, “Farovon”, “Bahoriston”, “O‘rg‘ilsoy”, “Gulbog‘”, “Qaldirg‘och”, “Zevar”, “Xo‘jaipok”, “Obod yurt” hamda “Bag‘ri keng” mahalla fuqarolar yig‘inlarini (umumiy yer maydoni 20531 gektar) hamda Boysun tumanining “Sayrob” va “G‘ayrat” massivlaridan (umumiy yer maydoni 17360 gektar) qayta tiklanayotgan Bandixon tumani tarkibiga o‘tkaziladi.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Boysun tumanlari hududidan Bandixon tumani hududiga o‘tkazilayotgan yer maydoni chegaralarining tavsifi va chizma shakllari tasdiqlanadi.

Qaror loyihasi muhokamasi 21-noyabrgacha davom etadi.

Ma’lumot uchun, hukumatning 2010-yil 24-dekabrdagi qarori bilan Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani tugatilib, uning hududi Qiziriq tumaniga birlashtirilgan.