AQSh adliya vazirligi Twitter kompaniyasi sobiq xodimlarini Saudiya Arabistoni manfaatlarini ko‘zlab josuslik qilganlikda ayblamoqda, deya xabar berdi “Interfaks”.

Foto: AP

AQSh fuqarosi Ahmad Abuammo qirollik topshirig‘iga asosan ijtimoiy tarmoqda uchta akkauntni kuzatgani uchun 5-noyabr kuni hibsga olingan.

Kompaniyaning boshqa bir xodimi Saudiya Arabistoni fuqarosi Ali Alzabara esa 6-noyabr kuni 2015-yilda Twitter’dagi 6 mingdan ortiq shaxsiy sahifalardagi ma’lumotlarni olishda Ar-Riyod rasmiylariga imkoniyat yaratganlikda ayblanib qamoqqa olindi.

Alzabara “buzib kirgan” akkauntlardan biri Saudiya Arabistoni haqida ko‘plab maqolalar muallifi, tanqidchi Omar Abdulazizniki ekani ma’lum qilingan. Abdulaziz o‘tgan yili Turkiyada qirollik buyrug‘i bilan o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchining yaqin do‘sti.

Saudiya Arabistonining yana bir fuqarosi Ahmad Almutariy ham josuslikda ayblanmoqda. U Twitter’dagi ikki sherigining buyurtmalarini saudiyalik davlat amaldorlari bilan muvofiqlashtirgan va o‘rtada vositachilik qilgan.

Alzabara va Almutariy Saudiya Arabistonida ekanligi taxmin qilinmoqda.

The Washington Post gazetasi AQSh federal prokurorlarining Saudiya Arabistonini ochiqdan ochiq josuslikda ayblashi mamlakat tarixida ilk bor kuzatilayotganini qayd etgan.

“Biz Amerika kompaniyalari yoki texnologiyalariga xorijdagi zo‘ravonlik va Amerika qonunchiligining buzilishida vosita bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, — deya ta’kidlagan AQSh federal prokurori Devid Anderson.

Nashr uch nafar gumonlanuvchi o‘z ishlari haqida hisobot berib turgan saudiyalik amaldor, Saudiya Arabistoni shahzodasi Muhammad ibn Salmonga tegishli MiSK fondi vakili Badir al-Asaker ekanligini aniqlagan.

Ularning Twitter’da axborotni kuzatishi va to‘plashining eng faol davri shahzoda ikkinchi valiahd deb e’lon qilingan 2015-yilga to‘g‘ri keladi. Keyinchalik 2017-yilda Muhammad ibn Salmon valiahd shahzodaga aylandi.

Shu vaqtdan boshlab Alzabara Abdulazizning ma’lumotlarini tahlil qilish va al-Asakerga axborotlarni yetkazishda faollashgan.

Jamol Qoshiqchi 2018-yil 2-oktabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi binosiga kirib, u yerdan qaytib chiqmagan. Jurnalistning murdasi topilmadi. Turkiya OAV huquqni muhafaza qilish va tergov organlaridagi manbalariga tayanib, Qoshiqchining konsullik binosida qiynoqqa solingani va vahshiyona o‘ldirilgani haqida dalillar borligini xabar qilgan. Jinoyatdan bir yil o‘tgach Jamol Qoshiqchining vahshiyona o‘ldirilishi tafsilotlari BBC surishtiruvidan keyin ma’lum qilingan. Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limi uchun o‘zini javobgar deb biladi. U bu haqda PBS telekanalining hujjatli filmi uchun bergan intervyusida tan olgan.

Saudiya Arabistonida Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasudan 11 nafar fuqaroga, xususan, bosh razvedka rahbarining o‘rinbosari Ahmad Asiriyga ayblovlar e’lon qilingan.