Xorazmlik taniqli jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov 6-noyabr kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda jurnalistning jiyani o‘z Facebook sahifasida xabar berdi.

Foto: Facebook / Davlat Nazar

“Ming afsuslar bo‘lsinki, amakim Davlatnazar Ro‘zmetov 6-noyabr kuni kechqurun avtohalokat oqibatida olamdan o‘tdi”, — deb yozadi Furqat Ro‘zmetov.

Ma’lum qilinishicha, jurnalist bugun, 7-noyabr kuni so‘nggi manzilga kuzatiladi.

Davlatnazar Ro‘zmetov keyingi paytlarda o‘zining shov-shuvli postlari va tanqidiy maqolalari bilan tanilgan edi.

U 2018-yilning oktabrida Qo‘shko‘pir tuman hokimligi binosida o‘tkazilayotgan yig‘ilishga kirib, yig‘ilish ishtirokchilarini rasmga olmoqchi bo‘lganida, tuman hokimi o‘rinbosari yig‘ilishni tugadi, deb e’lon qilgan, keyinroq jurnalistning ushbu qilmishi mayda bezorilik deb topilib, u yetti sutkaga qamalgan edi.

O‘shanda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari jurnalistni faol tarzda qo‘llab-quvvatlagan, Davlatnazar Ro‘zmetov ozod etilganidan so‘ng barcha qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik izhor etgan edi.

2019-yilning 5-oktabr kuni ham Davlatnazar Ro‘zmetovning hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq, Bosh prokuratura jurnalistning hibsga olinganini inkor etdi.