Abdulloh qayerda? Bugun bu savol Yoshlar Ittifoqi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari tomonidan berildi. Lekin javob hali ham yo‘q. Hatto Abdullohning ishi bilan qaysi idora shug‘ullanayotganini ham ochiq ayta olishmayapti. Aytish mumkinmasdir-da, nachora.

Shavkat Mirziyoyev buxankaning tannarxini tushirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Kuni kecha Qoraqalpog‘iston va Surxondaryoda buxankaning narxi 2—2,5 ming so‘mga chiqib ketgani haqida yozilgandi. Prezidentning ko‘rsatmasi haqidagi xabar paydo bo‘lishi bilan Qoraqalpog‘istonda narx 1500 so‘m bo‘lib qolibdi.

“15 yoshida ona bo‘lgan o‘quvchi qiz va chaqalog‘i haqida darhol xabar berilgan”, deya viloyat IIBga raddiya bermoqda Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi. Yodingizda bo‘lsa, Kosonda uch yigit bilan jinsiy aloqada bo‘lgan o‘quvchi 2018 yil mayida ona bo‘lgani haqida yozilgan edi.

2019-yilning yanvaridan oktabriga qadar — 10 oy davomida necha kishiga Toshkent shahar propiskasi berilgani ma’lum qilindi. “Baxtlilar” soni 30 mingdan ziyod. Ichki ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1—2 yil ichida propiska deyarli ko‘tarilmaydigan masalaga aylanadi (tahdidga o‘xshab yangrayapti-yu bu gap, lekin yaxshilikdan umid qilamiz).


Toshkent viloyatida boshqa avtobus bilan poyga o‘ynab, ag‘darilgan Isuzu avtobusi.
Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Halok bo‘ldi, halok bo‘ldi, halok bo‘ldi. Toshkent viloyatida ikki Isuzu avtobuslarining poygasi oqibatida avtobuslar ag‘darilib ketdi, bir kishi halok bo‘ldi. Namanganda mast erkak avtomashina olib qochib, YTH oqibatida vafot etdi. Farg‘onada nosoz isitish moslamasi tufayli uy yonib ketdi, oqibatda 1 yoshli qizcha halok bo‘ldi. Ryazanda o‘zbekistonlik quruvchi yuqori qavatdan yiqilib halok bo‘ldi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga ketayotgan o‘zbekistonliklarni noqulay ob-havo sharoitidan ogohlantirdi: qo‘shni mamlakatda qattiq sovuq tushib, qor yog‘ishi kutilmoqda, shu bois ehtiyot choralarni ko‘rish kerak — yana 2018-yil yanvaridagi kabi Aqto‘be fojialari takrorlanmasin. Aytmoqchi, Qozog‘istondagi bu sovuqlar 10-noyabrdan O‘zbekistonga ko‘chishi mumkin.

O‘zbekistonda yana nima yangiliklar? O‘zbekistonda havo hujumiga qarshi raketa amalda muvaffaqiyatli qo‘llanildi. Maktab o‘quvchilarini davlat imtihonidan ozod qilish huquqini beradigan kasalliklar ro‘yxati kengaytirildi. MIB o‘z faoliyati davomida eng qimmat uyni kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Olmazorda ikki haydovchi o‘rtasida yuzaga kelgan janjalda ulardan biri plastmassa to‘pponcha o‘qtaldi. Soxta Italiya pasporti bilan O‘zbekistonga kirishga uringan eronliklar qo‘lga olindi. Pekindan Toshkentga uchayotgan Uzbekistan Airways samolyoti Xitoy aeroportiga favqulodda qo‘ndi. TikTok O‘zbekistonda eng ko‘p yuklanayotgan mobil dasturlar Top-5 ligiga kirdi.

Jahonda-chi, jahonda nima gap? Bishkekdagi kafelardan birida portlash yuz berdi — kamida 13 kishi jabrlangan deyishyapti. Alibaba asoschisi Jek Ma ketma-ket ikkinchi yil Xitoyning eng badavlat odamiga aylandi. Afg‘oniston rasmiylari Tojikiston—O‘zbekiston chegarasidagi postga hujum qilgan IShID jangarilari Tojikistonga Afg‘onistondan o‘tganini inkor etdi (ha, biz ham shubha qilib turgandik o‘zi). Rossiyada xitoyliklarga nisbatan bosqinchilik qilgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga sud hukmi o‘qildi.

Bu materialni o‘qishni esa qat’iy tavsiya qilamiz: “Aravakashlik qilib, qizimni ToshMIda o‘qitdim”. Aravakash amaki hikoyasi.