Farg‘ona viloyatida nosoz holdagi elektr isitish moslamasidan foydalanib, uni nazoratsiz qoldirilishi ayanchli yakunlandi, deb xabar beradi O‘zbekiston FVV YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi.

Foto: FVV YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi

7-noyabr kuni soat 13:24 da Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani “Navbahor” MFY Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan 45-uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 2018-yilda tug‘ilgan qizcha tutundan zaharlanib, voqea joyida halok bo‘lganligi haqida Oltiariq tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limidan tuman IIBga xabar berilgan.

Tezkor-tergov guruhi xodimlari tomonidan voqea joyiga borib, hodisa yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilganda yashash xonada nosoz elektr isitish moslamasini yoqiq holda nazoratsiz qoldirilishi natijasida uyning 5 kvadrat metr maydonda pol qismi va ichki jihozlari yonib zararlanganligi, achinarlisi, shu xonada beshikda bo‘lgan chaqaloq tutundan zaharlanib, vafot etganligi ma’lum bo‘lgan.

“Qo‘lbola va nosoz gaz, elektr isitish moslamalaridan foydalanmang, isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling. Yosh bolalarni va go‘daklarni uyda qarovsiz, nazoratsiz qoldirmang”, — deyiladi FVV YOXBB xabarida.

Avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi 2019-yilning o‘tgan 10 oyi davomida yuz bergan yong‘inlar statistikasini taqdim etgandi.

Qayd etilishicha, 2019-yilning o‘tgan 10 oyi davomida sodir bo‘lgan yong‘inlar 2018-yilning mos davriga nisbatan 345 taga, yong‘inlarda insonlarning halok bo‘lishi 10 taga va tan jarohati olishi 56 taga kamaygan. Lekin olib borilayotgan ishlarga qaramasdan 2019-yilning mazkur davri davomida respublika hududida jami 9 384 ta yong‘in qayd etilib, ushbu yong‘inlarda 88 kishi halok bo‘lgan va 240 kishi tan jarohati olgan.