7-noyabr kuni Nigeriya shimoli-sharqida “Boko Xaram” ekstremistik guruhining avtokarvonga hujumi oqibatida 10 nafar harbiy halok bo‘ldi va yana 10 nafar askar turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda AFP xabar berdi.

Foto: Bignewsnetwork

Borno shtatining Damboa tumanida kolonna bazaga qaytayotgan vaqtida hujumga uchragan.

“Terrorchilarga qarshi ayovsiz jangda 10 nafar harbiy halok bo‘ldi. Jangarilar minalashtirilgan hududda operatsiya o‘tkazayotgan harbiylarga avtomobil yo‘lida tuzoq qo‘ygan”, – deya agentlikka ma’lumot bergan ismini oshkor etmagan Nigeriya zobiti. U 12 nafar harbiyning bedarak yo‘qolganini ham ma’lum qilgan.

Foto: AFP

Jangarilar beshta harbiy avtomobilni yoqib yuborgan, oltita pulemyotga ega pikapni o‘g‘irlab ketgan.

Bir soat davom etgan to‘qnashuv oqibatida 10 nafar harbiy halok bo‘lgan. “Boko Xaram” jangarilarining 22 nafar terrorchisi o‘ldirilgan.

Avval Malida chegara postiga uyushtirilgan hujum natijasida 50 nafardan ortiq odamning halok bo‘lgani va IShID terrorchilari ushbu hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani, Burkina Fasoda oltin koni ishchilariga qilingan hujum oqibatida 37 nafar odam halok bo‘lgani xabar qilingan.