Oktabr oyida Germaniyaning Shtutgart shahrida o‘tgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon Chempionati Oksana Chusovitina uchun tarixiy musobaqa bo‘lib qoldi. Boisi ushbu turnir orqali o‘zbekistonlik gimnastikachi o‘z faoliyatida sakkizinchi bor Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi Chusovitina bilan suhbat uyushtirdi.

Foto: MOQ

— Avvalo, sizni yana bir Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritganingiz bilan samimiy muborakbod etamiz. Tokio—2020 siz uchun sakkizinchi Olimpiada bo‘ladi.

Rahmat sizga, bu men uchun yoqimli. Tokioda men bor mahoratimni ishga solishga harakat qilaman.

— Shtutgartda qanday yo‘nalish bo‘yicha litsenziya oldingiz?

Litsenziya qo‘lga kiritish oson bo‘lgani yo‘q, albatta. Men musobaqada ko‘p kurash yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rsatgan natijam evaziga yo‘llanma oldim. Bundan tashqari tayanib sakrash bo‘yicha ham yana bir mashqni tayyorlab kelgan edim. Afsuski, dastlabki chiqishni bajarayotib yerga tushish paytida biroz muvozanatni yo‘qotib qo‘ydim va bu xato musobaqani oxirigacha davom ettira olishimga to‘sqinlik qildi. Balki bu ham yaxshilikkadir. Har narsadan hikmat qidirish kerak.

— Endi Olimpiadaga qanday tayyorlanasiz? Mashg‘ulotlaringiz qayerda bo‘ladi?

Olimpiadaga litsenziya olib bo‘ldim va endi shoshilmasdan tayyorlanishimdan xursandman. Endigi ishtirokimni yanvarda bo‘ladigan Jahon kubogi bosqichlaridan boshlayman. Aynan ushbu musobaqalar tayyorlab qo‘ygan murakkab elementlarimni Tokio Olimpiadasigacha sinab ko‘rish va ularni shakllantirish uchun yaxshi imkoniyat beradi.

— Bu degani siz 2020 yil hisobidan Tokio Olimpiadasigacha bo‘lgan musobaqalarda ishtirok etasiz...

Yo‘q, hammasida ham emas. Men asosan tiklanish mashg‘ulotlariga e’tiborimni qarataman. Yetarli kuch yig‘ishim uchun orada oilam va yaxshi hordiq chiqarish uchun ham vaqt ajratish niyatidaman.

— Quyidagi savolimiz ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy: sakkizinchi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritishingiz e’lon qilinganidan so‘ng nimalarni his qildingiz, qanday hayajon kechdi?

Bilasizmi, so‘nggi Jahon Chempionati butun faoliyatim davomidagi eng og‘ir kechgan dunyo birinchiligi bo‘ldi. Birgina saralashning o‘zi ikki kun o‘tdi va bu har qanday sportchi uchun nafaqat jismonan, balki ruhan katta qiyinchilik tug‘diradi. Albatta, shuncha raqiblarim bilan kechgan raqobatda navbatdagi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olganimni eshitgach tasvirlab bera olmaydigan darajada xursand bo‘ldim. Ammo musobaqaga tayyorlab kelgan rejalarimning barchasi ham amalga oshmay qoldi. Bu men ko‘rsata olishim mumkin bo‘lgan maksimal natija emas, deb o‘ylayman.

— Umid qilamizki, siz jahon arenalarida hali ko‘p bor zafar quchishga muvaffaq bo‘lasiz. Tokio Olimpiadasida sizni qaysi yo‘nalishda ko‘ramiz?

Tokioda to‘sin va tayanib sakrash mashqlarida ishtirok etmoqchiman. Jahon chempionatidagi ko‘pkurash menga litsenziya olishim uchun kerak edi xolos. Albatta, baribir katta e’tiborni tayanib sakrash mashqiga qarataman. Asosiysi, Olimpiadagacha jarohatlarsiz yetib borish.

Foto: MOQ

— Siz zamonamizning eng yorqin sportchilaridan birisiz. Sizni g‘alabalar sari nima ruhlantiradi? Shu haqidagi siringizni ayting.

Men hamma qatori oddiy insonman. Hech qanday sir va aqlbovar qilmas narsalarga ega joyim yo‘q. Meni eng ko‘p oilam va yaqinlarim ruhlantiradi. O‘ylaymanki, inson uyiga kelganida uni doim qo‘llab-quvvatlaydigan va ruhlantiradigan oilasini xursand ko‘rgach hamma narsaga qodir bo‘ladi. Hayotimda men uchun eng muhimi oilam.

— Galdagi savolni berish biroz alamli, lekin ko‘pchilik uchun qiziq. Katta sportdan ketish haqida biror qarorga keldingizmi?

Bu haqida yaqinda aytib o‘tgan edim. Tokio Olimpiadasi men uchun so‘nggi musobaqa bo‘ladi. Ammo bu meni sport bilan shug‘ullanmaydi degani emas. Hozirda bolalar uchun o‘z sport klubimni ochish ishlari bilan bandman. Kelajakda gimnastikani Respublikamizning barcha viloyatlari bo‘ylab yanada rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!