Tojikiston—O‘zbekiston chegarasida “Ishqobod” chegara postida 6-noyabr kuni terakt sodir etilganiga qaramay, O‘zbekistonning nazorat-o‘tkazish punkti odatdagidek ishlamoqda, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Chegara qo‘shinlari boshqarmasiga tayanib.

Foto: Sputnik

“O‘zbekiston chegarachilari chorshanba kunidan boshlab Tojikiston va Afg‘oniston bilan chegara punktlarini qo‘riqlashni kuchaytirdilar, ammo tojik-o‘zbek chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari odatdagidek tartibda ishlamoqda”, — degan MXDQ vakili.

U, shuningdek, chorshanba kunidan boshlab O‘zbekiston chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi ikki davlat chegarasida joylashgan chegara postiga IShID terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan qurolli hujum qilingandan keyin tojikistonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada ekanligini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 5-noyabrdan 6-noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi “Ishqobod” postining “Sultonobod” harbiy otryadiga hujum qilgani, to‘qnashuv natijasida noma‘lum shaxslar chegarchilarning avtomatlarini egallab olgani, xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a‘zosi yo‘q qilingani va 5 nafar jangari qo‘lga olingani ma’lum qilingan.

Jangarilar so‘roq qilinganidan keyin ularning Afg‘oniston hududidan qochib o‘tgan IShID terrorchilari ekanligi aniqlangan. Ular Tojikistonga 3-noyabr kuni Afg‘onistondan Xatlon viloyati orqali kirib kelgan va Rudakiy tumanida 200 kilometrlik masofani bosib o‘tgan. Hujum uyushtirganlarning barchasi Tojikiston fuqarolari bo‘lgani, qo‘lga olingan va halok bo‘lganlar orasida ayollar ham borligi xabar qilindi. Keyinchalik Afg‘oniston hukumati vakillari IShID terrorchilarining mamlakat hududidan Tojikistonga o‘tib 6-noyabrda chegara postiga hujum uyushtirganligini inkor etdi.

Tojikiston bosh prokuraturasi chegara postiga uyushtirilgan hujum yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.