Pekindan Toshkentga uchayotgan Uzbekistan Airways samolyoti Xitoyning Lanchjou shahridagi aeroportga favqulodda qo‘ndi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Foto: Spot

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 6-noyabr kuni soat 23:50 da Pekin—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan Uzbekistan Airways samolyoti O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan yo‘lovchilar A.S., M.M., D.A. hamda Rossiya fuqarolari bo‘lgan uning turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lining sog‘ligi yomonlashgani sababli Gansu provinsiyasining Lanchjou shahri aeroportiga favqulodda qo‘ngan.

Samolyot qo‘ngandan so‘ng ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va  shahar klinik shifoxonasiga joylashtirilgan. 7-noyabr soat 5:41 da samolyot Toshkentga uchib ketgan.

Qayd etilishicha, Bosh konsulxona tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqa o‘rnatgan hamda mazkur vaziyatni o‘z nazoratiga olgan.

Eslatib o‘tamiz, 4-noyabrda ham yo‘lovchilardan birining o‘zini noqulay his qilgani uchun Sankt-Peterburgdan Urganchga uchayotgan samolyot Samaraga favqulodda qo‘ngandi. Keyinchalik yo‘lovchi O‘zbekistonga taksida yo‘lga chiqqan.

Shu kuni Moskvadan Dushanbega uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ngan. 30-oktabrda ham Moskvadan Tojikistonning Ko‘lob shahriga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ngan. Bunga noqulay ob-havo sharoitlari sabab bo‘lgan.