Afg‘oniston hukumati vakillari IShID terrorchilarining mamlakat hududidan Tojikistonga o‘tib 6-noyabrda chegara postiga hujum uyushtirganligini inkor etdi. Bu haqda “Nezavisimaya gazeta” xabar berdi.

Foto: Sputnik

Xabarga ko‘ra Afg‘oniston kuchishlatar tizimi rasmiysi jangarilarning Qunduz viloyati hududidan Tojikistonga o‘tganiga ishonmayapti. U hududning Tojikiston va Afg‘oniston chegarachilari tomonidan yaxshi qo‘riqlanishini bildirdi. Afg‘oniston maxsus xizmatining ismini oshkor etmagan yuqori lavozimda ishlovchi xodimi 20 nafar terrorchining Tojikistonga o‘tganini “safsata” deb atadi va bu borada tojik hamda afg‘on razvedkalari o‘rtasidagi aloqa mustahkam ekanligini qayd etdi.

Afg‘oniston rasmiyalarining fikricha, ushbu jinoiy guruh Tojikistonda shakllantirilgan. Afg‘onlar Tojikiston xavfsizlik xizmatining qo‘lga olingan terrorchilarni so‘roq qilib, tegishli axborotlarni qo‘shni mamlakat maxsus xizmati bilan bo‘lishishiga umid qilmoqda.

IShID amalga oshirilgan hujum yuzasidan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan.

5-noyabrdan 6-noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar qurollangan va yuziga niqob taqqan jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi “Ishqobod” postining “Sultonobod” harbiy otryadiga hujum qilgani, to‘qnashuv natijasida noma’lum shaxslar chegarchilarning avtomatlariini egallab olgani, xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a’zosi yo‘q qilingani va 5 nafar jangari qo‘lga olingani, Tojikiston tomondan bir nafar chegarachi va militsiya noziri halok bo‘lgani ma’lum qilingan. Jangarilar so‘roq qilinganidan keyin ularning Afg‘oniston hududidan qochib o‘tgan IShID terrorchilari ekanligi aniqlangan. Ular Tojikistonga 3-noyabr kuni Afg‘onistondan Xatlon viloyati orqali kirib kelgan va Rudakiy tumanida 200 kilometrlik masofani bosib o‘tgan. Keyinchalik hujum uyushtirganlarning barchasi Tojikiston fuqarolari bo‘lgani qo‘lga olingan va halok bo‘lganlar orasida ayollan ham borligi xabar qilindi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.