Mana hash-pash deguncha futbol bo‘yicha Yevropaning eng nufuzli musobaqasi — Chempionlar Ligasida 4-tur bahslari ham yakuniga yetdi. Biz esa ushbu turning eng qiziqarli ma’lumotlarini bir sahifaga jamlashga qaror qildik. Demak, ketdik!

Foto: Yandex Photos

Guruh bosqichi 4-turida 56 ta gol urildi. Shundan 29 tasi 5-noyabr kungi o‘yinlarda kiritildi. Bunday sermahsullik musobaqa tarixida qayd etilmagandi. Turning eng serhmahsul o‘yini esa Londonda kechdi. Musobaqaning o‘tgan yilgi yarim finalchisi, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha mavsumning eng chiroyli, tomoshabop o‘yin sohiblari “Ayaks” Britaniya poytaxtida Frenk Lempard shogirdlari mehmoni bo‘ldi. Amsterdamliklar birinchi bo‘limda bitta zarba berib, 3:1 hisobida oldinga chiqib olishi omaddan boshqa narsa emasdek edi go‘yo. Ammo o‘sha omad qushi ikkinchi bo‘limda aylanib ham o‘rgilib ham “Chelsi”ning boshiga qo‘naverdi. Qandaydir bir daqiqa ichida Deyli Blind va Joel Veltmanning maydondan chetlatilishi ikkita to‘p farqi bilan oldinda borayotgan Erik ten Hag jamoasini ham sindirmasdan qolmadi. “Chelsi” esa Lempard kelgandan buyon qilayotgan ishi — hujumkorlikni davom ettirdi va kambekni amalga oshirdi — 4:4. Nafaqat o‘yinni, balki, turni bezashi kutilgan Hakim Ziyoshning qoyilmaqom zarbasi esa hatto tur goli bo‘lish uchun da’vogarlar qatoridan ham o‘rin olmadi. Nega deging keladi? Biroq...

Tur omadsizlaridan biri tabiiyki “Barselona” bo‘ldi. Nega axir Kataloniya klubi yutqazmadi-ku dersiz. Yo‘q, Ernesto Valverde qo‘l ostida tez-tez buzilib turadigan Xojiboy Tojiboyev ta’riflagan traktor misoli harakat qilayotgan “Barselona” guruh autsayderi “Slaviya”ni o‘z maydonida yuta olmadi. Buni omadsizlik, ishonchsizlik va yana nimalardir deb ta’riflash mumkindir. Ammo “Barselona”ning tez-tez shunday tushunarsiz natijalar qayd etib turishi ham odatiy holga aylangani bor gap. Bunga yaqqol isbot esa “Barsa”ning uch kun oldin La Liga doirasida “Levante”dan qabul qilib olgan mag‘lubiyatini ko‘rsatish mumkin. Ernesto Valverdening o‘zi shundoq ham muvaqqat turgan kursisi ayni damda qimir-qimir qilib turgan bo‘lsa ne ajab. Balki u o‘z vaqtida Neymar—Messi—Suares triosini yaxshigina ishga sola bilgan hamkasbi Luis Enrikedan maslahat so‘rab ko‘rar. Har holda Enrikening hujum uchligini tashkil qilish borasida tajribasi Valverdenikidan ortiq bo‘lsa borki, aslo kam emas.

Foto: Twitter/@ChampionsLeague

Qur’a jarayonida oson guruhga tushgani aytilgan amaldagi chempion “Liverpul” kuchlarini tejagan holda “Genk”ni mag‘lub etishga harakat qildi va buning uddasidan chiqdi. G‘alaba golini esa so‘nggi uchrashuvlarda qoyilmaqom o‘yinlari bilan Arsen Vengerga salom yo‘llayotgan Aleks Oksleyd-Chemberlen tomonidan urildi. Klopp shogirdlari shu tariqa Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatiga ko‘tarinki kayfiyatda yo‘l oladigan bo‘ldi. Karlo Anchelotti shogirdlari bo‘lmish “Napoli” esa o‘z uyida 19 yoshli Erling Holand yetakchiligidagi “Zalsburg”ni mag‘lub eta olmadi. Erling esa yana gol urdi. 19 yoshli norvegiyalik Chempionlar Ligasidagi ilk mavsumida ketma-ket to‘rtta o‘yinda gol urdi. U yettita gol bilan ayni damda musobaqa to‘purarlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lib turibdi. “Zalsburg” darvozasi oldida esa allaqachon “Manchester Yunayted” va “Bavariya” kabi grandlar “taqir-tuqur”  ishlarini boshlab yuborgan.

Foto: Twitter/@ChampionsLeague

“Barselona” haqida gap ketar ekan, “Real”ga to‘xtalmaslik hozirgi kunda misoli jinoyat erur. Katalonlardan farqli o‘laroq bu safar Zinedin Zidan boshliq “Qirollik klubi” turklarni Madridda savalab-savalab tashladi. Bu ishni esa tajribali Karimjon Benzema hamda 18 yoshli yigitcha Rodrigo amalga oshirdi. Braziliyalik yosh iqtidor egasi musobaqada ideal het-trik qayd etgan eng yosh futbolchiga aylandi. U bu orqali 20 yoshida bu natijaga erishgan Kilian Mbappeni ortda qoldirdi. Ideal het-trik nima deysizmi? O‘ng va chap oyoqda shu bilan birga boshda bitta o‘yinning o‘zidayoq gol urish shunday deb atalur, aziz muxlis. “Real”ga o‘tgan mavsum olib kelingan Vinisius Juniordan farqli o‘laroq Rodrigo janoblari maydonda shunday sovuqqonlik bilan, ortiqcha emotsiyalarsiz o‘yin namoyish etmoqdaki, xuddi u “Real”ga bir necha mavsum avval kelgan deb o‘ylaydi kishi. Aslida esa u asosiy jamoa safida endigina 6 ta o‘yin o‘tkazdi. Nima ham deymiz, bo‘ladigan bola boshidan...

Bir necha mavsumdan beri hujum chizig‘i nafaqat Yevropada, balki jahonda tengsiz deya e’tirof etilayotgan PSJ joriy yil himoyada shunchalik yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqdaki, raqib jamoalar 4-turga kelib ham Keylor Navas darvozasiga bitta ham gol ura olmadi. Hattoki 11 metrlik jarima zarbasidan ham. “Inter”da Antonio Kontega kerak bo‘lmay qolgan Mauro Ikardi esa Neymarning yo‘qligini umuman bildirayotgani yo‘q. Uning bu safargi goli PSJga navbatdagi uch ochkoni keltirdi. Neymarning yo‘qligini bildirmaslikda katta xizmat ko‘rsatayotgan bir “pahlavon” bor. Bu — Kilian Mbappe. Kilian va Mauro PSJning so‘nggi 13 ta goliga mualliflik qildi. Nima ham deymiz, yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilgan Neymar inim bardam bo‘l!

Foto: Twitter/@ChampionsLeague

Boshqalar haqida gap ketar ekan, “Bavariya” va “Yuventus” haqida ham ikki og‘iz. Turin klubi Moskvada Yuriy Syomin boshliq “Lokomotiv”ni so‘nggi daqiqalarga kelibgina mag‘lub etish imkonini topdi. Bu ishni esa hamma kutgan Ronaldu emas, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Duglas Kosta bajardi. U o‘zining “solo”si orqali birinchi golda antiqahramonlik ko‘rsatgan Gilyermeni ojiz qoldira oldi. Gol bo‘lgan vaziyatda esa Sarrining yoqimtoyi Gonsalo Iguain qoyilmaqom uzatma berganini ta’kidlash joiz. Yana bir e’tiborli jihat esa zaxiraga olingan Ronaldu Sarriga “besh tashlash”ni xohlamadi.

Foto: Twitter/@ChampionsLeague

Bir necha kun oldin Niko Kovachni iste’foga chiqarib, bosh murabbiysiz qolgan “Bavariya” yunon o‘lkasidan kelgan “pahlavonlar” — “Olimpiakos”ni gol urish charchamayotgan Robert Levandovski hamda Ivan Perishichning harakatlari orqali mag‘lub etdi. Myunxenliklar hozirda yangi bosh murabbiyni kutish jarayonida. Venger kelmasligi aniq bo‘ldi. Kim biladi, balki o‘zgacha Joze yoki Allegri janoblari Myunxen jamoasi boshqaruvini qo‘liga olar...

Nima bo‘lganda taqdirda ham hozircha bizda shular. Keyingi turlarda g‘oyibona ko‘rishguncha deb qolamiz...

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!