3-noyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida soxta pasportlar bilan O‘zbekistonga kirishga uringan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Istanbuldan Toshkentga kelgan bir guruh shaxslarning pasportlari tekshirilgan. Natijada ularning yonida bo‘lgan Italiya davlatiga tegishli pasportlar soxta bo‘lib chiqqan. Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida ushbu shaxslar aslida Eron fuqarolari ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Qonunbuzarlarga belgilangan tartibda chora ko‘rilgan.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatda turizm salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida qariyb 60 dan ortiq xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz tartib joriy qilingan. Bu esa O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi ikki barobarga ko‘payishiga olib keldi.