Sharqiy Osiyoda “Tayvan tovuqchilik qiroli” sifatida keng tanilgan Ten Syuekay Namangan viloyatida yirik parrandachilik kompleksi qurish loyihasini amalga oshirmoqda, deb xabar berdi Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Viloyat hokimligida 6-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Namangan viloyat hokimligi bilan Kai Shing Namangan xorijiy korxonasi o‘rtasida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha investitsion kelishuv imzolangan. Viloyatda MChJ shaklidagi “Kai Shing Namangan” xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Ten Syuekay tomonidan imzolangan kelishuvga ko‘ra, parrandachilik kompleksi, issiqxona, kushxona, yem ishlab ishlash chiqarish zavodi, organik chiqindilarni qayta ishlash zavodi kabi bo‘limlardan iborat ushbu yirik loyiha uchun “Kai Shing Namangan” xorijiy korxonasiga viloyatda 550 gektar yer ajratiladi. Investor ushbu loyiha uchun 30 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritadi.

Ushbu korxonada ochiq osmon ostida maxsus zotli tovuqlarni yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Yetishtirilgan tovuqlarning katta qismini Xitoyda mashhur bo‘lgan “Imperator tovuq essensiyasi” ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi hamda Xitoyga eksport qilinadi. Qolgan qismi “Halol” sertifikati bilan arab davlatlariga hamda ichki bozorga sotiladi.