O‘zbekiston TIV Qozog‘istonga borayotgan yoki uning hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ob-havo sharoiti tufayli ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘radi.

Foto: Sputnik

Vazirlik matbuot xizmatida aytilishicha, Qozog‘istonning qator hududlarida sovuq tushishi, qor yog‘ishi va noqulay ob-havo sharoitlari tufayli yo‘llarda kutilmagan holatlar sodir bo‘lishi mumkin.

Shu sababli TIV konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolari avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida mazkur mamlakatga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy risklarni hisobga olishlari va tegishli choralar ko‘rishlari zarurligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 18-yanvar kuni avtobusning yonib ketishi oqibatida  52 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi. Avtobusning yonib ketishiga kavshar lampa sabab bo‘lgan. Avtobusning dvigateli o‘chib qolganligi va mashina ichi sovuq bo‘lganligi sabab ushbu kavshar lampadan isitgich sifatida foydalanilgan. U ikki soatga yaqin ishlagan va gaz-benzinli aralashma butun salonni egallagan. Tasodifan benzin to‘kib yuborilganida esa yong‘in yuzaga kelgan.