Tojikiston—O‘zbekiston chegarasida “Ishqobod” chegara postiga hujum uyushtirgan IShID terrorchilarining asosiy qismi Tojikistonning So‘g‘d viloyati shimolida yashovchi fuqarolar bo‘lib chiqdi. Bu haqda Tojikiston IIV matbuot kotibi Umarjon Emomali xabar qildi, deb yozgan Asia-Plus.

Foto: Tojikiston IIV matbuot xizmati

“Tojikiston bosh prokuraturasi chegara postiga uyushtirilgan hujum yuzasidan jinoyat ishi ochgan”, — deydi Emomali. Lekin IIV matbuot kotibi jinoyat ishining aynan qaysi moddalar bo‘yicha ochilganiga aniqlik kiritmadi.

Nashrning Tojikiston bosh prokuraturasidagi manbasi gap “Terrorchilik”, “Qotillik” va “Davlat chegarasini noqoqnuniy buzib kirish” moddalari haqida ketayotgani, tergov davomida boshqa moddalar bo‘yicha ayblovlar ham qo‘shilishi mumkinligini ma’lum qilgan.

5-noyabrdan 6-noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi “Ishqobod” postining “Sultonobod” harbiy otryadiga hujum qilgani, to‘qnashuv natijasida noma’lum shaxslar chegarchilarning avtomatlariini egallab olgani, xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a’zosi yo‘q qilingani va 5 nafar jangari qo‘lga olingani ma’lum qilingan. Jangarilar so‘roq qilinganidan keyin ularning Afg‘oniston hududidan qochib o‘tgan IShID terrorchilari ekanligi aniqlangan. Ular Tojikistonga 3-noyabr kuni Afg‘onistondan Xatlon viloyati orqali kirib kelgan va Rudakiy tumanida 200 kilometrlik masofani bosib o‘tgan. Hujum uyushtirganlarning barchasi Tojikiston fuqarolari bo‘lgani, qo‘lga olingan va halok bo‘lganlar orasida ayollar ham borligi xabar qilindi. Keyinchalik Afg‘oniston hukumati vakillari IShID terrorchilarining mamlakat hududidan Tojikistonga o‘tib 6-noyabrda chegara postiga hujum uyushtirganligini inkor etdi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.