Avvalroq, Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro Dilmurod Tohirovning 20 yashar o‘g‘li Abdullohni IIB xodimlari olib ketib, bir haftadan buyon daragini bermayotganligi haqida gap-so‘zlar tarqalgani xabar berilgandi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Foto: “Kun.uz”

Ta’kidlanishicha, Yoshlar ittifoqi mazkur vaziyat bo‘yicha bir necha kun avval o‘rganish ishlarini boshlagan.

Bizga ma’lum qilishlaricha, Аbdulloh Tohirov ishi bilan Ichki ishlar vazirligi emas, balki boshqa idora shug‘ullanmoqda va tez orada bu holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot beriladi. Biz imkonimiz boricha Abdulloh va uning yaqinlariga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyormiz. Ayni vaqtda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huquqni muhofaza qilish idoralaridan holatga oydinlik kiritish va aniq tafsilotlar olishga harakat qilmoqda.

Yoshlar ittifoqi axborot xizmati

Yoshlar ittifoqi jarayonning ochiq va shaffof o‘tishi, holat bilan bog‘liq aniq ma’lumotlarning jamoatchilikka tezroq taqdim qilinishini so‘ragan.

2-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Abdulloh qayerda?” sarlavhasi ostidagi post tarqalgandi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshli Abdulloh YTH oqibatida Andijon viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashevning mashinasini turtib olgan (Qahramon Ergashevning o‘zi bu ma‘lumotlarni rad etgan), shundan so‘ng uni IIBga olib ketishgan. Shundan buyon u haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.