Buxoroda yashovchi 33 yoshli erkak 3-noyabr kuni To‘dako‘lda baliq ovlashga borib bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahrida yashovchi fuqaro R.Q. tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, 33 yoshli kuyovi X.B. 3-noyabr kuni To‘dako‘l suv havzasiga baliq ovlash maqsadida qayiq yordamida bir o‘zi tushib, qaytib qirg‘oqqa chiqmaganligini va bugungi kunga qadar uni qidirib topishning imkoni bo‘lmaganligini bildirib, kuyovini suv havzasidan qidirib topishda amaliy yordam so‘ragan.

Foto: “Daryo”

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida xodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida X.B. suvga baliq ovlash maqsadida tushgan (havo bilan to‘ldirilgan) qayiq va X.B.ning bosh kiyimi suv o‘rtalaridan topilgan.

Shuningdek, tekshirish davomida aniqlanishicha, X.B. To‘dako‘l suv havzasiga voyaga yetmagan o‘g‘li, qaynotasi va qaynamakisi bilan birga borgan va qayiqda bir o‘zi suv havzasi ichkarisi tomon suzib ketgan. Voyaga yetmagan o‘g‘li, qaynotasi va qaynamakisi sohilda qolgan. X.B. esa qaytib qirg‘oqqa kelmagan.

Holat yuzasidan qidiruv ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lsada, bugungi kunga qadar ijobiy natijaga erishilmagan. Qidiruv ishlari davom etmoqda.