07:48, 09.11.2019 // 28215

Erdo‘g‘on “shov-shuvli” maktubni Trampga qaytarib beradi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on AQSh davlat rahbari Donald Tramp Suriyadagi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasi boshlanishidan avval “butun dunyoga yukini tashlamaslikni” so‘rab yozgan xatini qaytarib berishni va’da qildi. Turkiya yetakchisi 8-noyabrda o‘z samolyotidan turib bu haqda NTV telekanaliga intervyu bergan.

Foto: TRT World

“Biz avval janob Trampga Farhod Abdi Shahin, ya’ni Mazlum Kobani Kurdiston ishchi partiyasining yetakchisi va terrorchi ekanini xabar qilganmiz. Tramp bilan suhbatda uning ushbu terrorchi bilan aloqalarini muhokama qilamiz. AQSh davlat rahbari yuborgan o‘sha xatni ham unga qaytib beraman”, — degan Erdo‘g‘on.

AQSh davlat rahbari Erdo‘g‘onga ayrim muammolarning hal etilishi uchun astoydil harakat qilganligini aytgan va undan “butun dunyoga o‘z yukini tashlamaslik”ni so‘ragan. Ikki tomon uchun ham foydali kelishuv amalga oshishga yaqinligi, general Mazlum ham muzokaralarga tayyor ekanligini qayd etgan. Tramp o‘z xatiga ilova sifatida kurdlar yetakchisining maktubini ham Turkiya prezidentiga jo‘natgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Tramp 9-oktabrda “butun dunyoga o‘z yukini tashlamaslik” va Suriyada kurdlarga qarshi urush harakatlarini boshlamaslikni so‘rab yozgan xatini tashlab yuborgani xabar qilingandi. Endi tashlab yuborilgan xatning aslida saqlab qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

“Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi haqida

9-oktabrda Anqara Suriya shimoli-sharqida Turkiyadagi qochoqlar uchun xavfsiz zona tashkil etish maqsadida “Suriya demokratik kuchlari” kurd jangarilari va IShID terrorchilariga qarshi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshlagan. Dunyo davlatlari turklarning ushbu harakatlarini qoralagan. AQSh Turkiyaga qarshi sanksiyalar qo‘lladi.

17-oktabrda Anqara va Vashington Suriya shimoli-sharqidagi operatsiyani 120 soatga, kurdlar xavfsiz zona hududidan chiqib ketishi uchun to‘xtatishni kelishib oldi va sanksiyalar bekor qilindi.

22-oktabrda Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya hududidagi notinch vaziyatni muhokama qildi va “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasini 23-oktabrdan yana 150 soatga to‘xtatish va o‘t ochmaslik haqidagi shartlashuv muddati yakuniga yetgach hamkorlikda Turkiya—Suriya chegarasida 30 kilometrlik hududni barpo etish uchun qo‘shma patrul tadbirlari o‘tkazish haqida memorandum imzoladi.

1-noyabrda kurdlarning Turkiya chegarasidan 30 kilometr uzoqlikka chekingani va ular tark etgan hududni Sochida imzolangan memorandumga muvofiq Suriya qo‘shinlari va Rossiya harbiy politsiyasi egallashi ma’lum bo‘ldi. 5-noyabrda Turkiya hamda Rossiya harbiylari Suriya shimolidagi Ayn-al-Arab aholi punktidagi (Kobani) ikkinchi qo‘shma patrul tadbirlarini boshladi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv