8-noyabr kuni Oshpazlar uyushmasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Lazzatli O‘zbekiston” birinchi xalqaro kulinariya chempionati g‘oliblari e’lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Unda 30 ga yaqin davlatdan tashrif buyurgan oshpazlar jamoasi bellashdi. Jamoalarning ishlarini turli davlatlardan tashrif buyurgan hamda Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyatining (WACS) ekspertlaridan iborat 20 kishilik hakamlar hay’ati baholab bordi.

“Milliy etno nonushta” sharti bo‘yicha Jazoir, Mo‘g‘uliston, Ruminiya, Qozog‘iston, Hindiston, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasining nonushtalari tayyorlandi. Mazkur shartda nonushtalar sifat uyg‘unligi bilan birga undagi taomlar xilma-xilligi, nonushtani taqdim etishdagi kreativlik, tozalik kabi mezonlar asosida hakamlar tomonidan baholandi.

Jazoir nonushtasida xurmodan tayyorlangan turli shirinliklar, dukkakli donlardan tayyorlangan bo‘tqa va qahva oltin suvi yuritilgan milliy naqshdagi chinni idishlarda uzatildi. Ruminiya nonushtasida turli xil meva va murabbolar, quritilgan qo‘zichoq go‘shtidan tayyorlangan kolbasa, loviya, baqlajondan tayyorlangan ikralar, mahalliy uch turdagi pishloq va pshenodan tayyorlangan bo‘tqa ushbu davlatning milliy kashtalari tushirilgan qizil hoshiyali dasturxonga tortildi. Qozog‘istonlik oshpazlar ham o‘z pishiriq va shirinliklarini taqdim etdi.

Xabarda aytilishicha, mo‘g‘ul nonushtasidagi o‘zbek holvaytariga o‘xshash qovurilgan undan tayyorlangan shirinlik borligi sharq oshxonasining mushtarak jihatlarini ko‘rsatdi. Ammo bu mamlakat nonushtasidagi shakarli tvorog ta’mini eslatuvchi qurtlar, nonushta dasturxonining faqat oq mahsulotlardan iboratligi, agar hamma shirinliklar tatib ko‘rilsa ishtahani bo‘g‘ib qo‘yishi mumkinligi, shuningdek, mo‘g‘ul oshpazlari o‘z nonushtalarini mahalliy uslubda emas, balki bir martalik yelim idishlarda taqdim etgani bois hakamlar tomonidan past baho berilishiga sabab bo‘ldi.

Foto: O‘zA

Hind nonushtasida issiq yupqa nonlar ichiga solingan sabzavot va go‘sht solib tortilgan quymoqlar o‘z to‘yimliligi bilan alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston nonushtasida qurt, jiyda, dudlangan baliq, quritilgan mevalar, bug‘doy unidan tayyorlangan va sutga qo‘shib iste’mol qilish mumkin bo‘lgan “aqsallak” taqdim etildi. O‘zbek nonushtasida ho‘l va quruq mevalar, issiq qat-qat somsa, varaqi, qush tili, murabbolar, issiq non, qaymoq, novvot, go‘shtli o‘ramalar milliy sopol idishlarda atlas hoshiyali dasturxonga qaynoq ko‘k choy bilan tortildi.

Hakamlarga milliy nonushtamizda sutli va go‘sht mahsulotlari, hatto vegetarianlar uchun ham tanovul qilish uchun mahsulotlar ko‘p ekanligi va taomlarning issiq tortilganligi juda ma’qul bo‘ldi.

Musobaqa natijasiga ko‘ra, Ruminiya va Hindiston nonushtasi uchinchi, Qozog‘iston va Jazoir nonushtasi ikkinchi, O‘zbekiston nonushtasi esa birinchi o‘rinni egalladi.