Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorni imzoladi. “Huquqiy axborot”ning xabar berishicha, qarorga muvofiq Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni jadal rivojlantirish bo‘yicha komissiya tashkil etildi.

Chorvachilikni rivojlantirishdagi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, chorvachilik sohasiga aholini keng jalb qilish, ularning chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish komissiyaning asosiy vazifalaridan etib belgilandi. Prezident ushbu qarori bilan, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi tasdiqlagan.

Qaror bilan Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filiali qoshida Veterinariya texnikumi tashkil etildi. Filial bakalavriatiga 2020/21—2022/23 o‘quv yillarida qabul parametrlarini shakllantirishda Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida 5 yil ishlab berish sharti bilan ushbu tumanlar bo‘yicha davlat granti asosida alohida maqsadli qabul ko‘rsatkichlari nazarda tutiladi.