1999-yilda Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilari Butunjahon ilm-fan kuni bayramini joriy qilish haqidagi taklifni YuNESKOga yo‘llagan edi. YuNESKO 2001-yilda ushbu taklifni ma’qulladi va 10-noyabr sanasini Butunjahon ilm-fan kuni deb rasman tasdiqladi. Ushbu sana 2002-yildan buyon xalqaro bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda. YuNESKOning rasman 31C/20 raqamli rezolyutsiyasiga ko‘ra bu bayramning to‘liq nomi “Tinchlik va taraqqiyot yo‘lida butunjahon ilm-fan kuni” deb qayd etilgan.

Foto: Google Photos

Bayram, albatta, ilm bilan professional tarzda shug‘ullanadigan tadqiqotchilar, olimlar va umuman fan kishilaridan tortib ilm-fanga befarq bo‘lmagan hamma odamni quvontiradi. Ushbu bayram ilm-fanning jamiyat hayotida nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekaniga urg‘u berish hamda ilm-fan va jamiyat orasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi maqsad qilingan.

Haqiqatan ham, ilm-fan butun dunyo hayotida eng katta va muhim ahamiyat kasb etadigan sohadir. Imom Buxoriy ham “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay!” deb juda katta ibrat o‘giti qoldirgan. Odamzotning hayotini yaxshilashga xizmat qiluvchi yangi texnologik yutuqlardan tortib bashariyat qarshisida turgan global muammolarni hal qilishgacha bo‘lgan masalalarning hammasi faqat ilm orqali yechiladi (boshqa yo‘li yo‘q). Shunga muvofiq, Butunjahon ilm-fan kuni – ilm-fanning jamiyat hayotida nechog‘lik yuksak ahamiyatli soha ekanini odamlarga tushuntirish hamda kishilar ongida ilmga nisbatan rag‘bat uyg‘otish maqsadlarini ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, ushbu bayram bahonasida oddiy odamlarning ham ilmiy masalalarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, dolzarb ilmiy masalalar muhokamasida, ayniqsa ularning odamzot turmushiga ko‘rsatadigan ma’naviy ta’sirini baholashda jamiyatni faol ishtirok etishga chaqirish ham maqsad qilingan. Bugungi zamon kishisining kundalik turmushida ilm-fanning ahamiyatini esa alohida ta’kidlashga hojat ham yo‘q menimcha.

10-noyabrni Butunjahon fan kuni deb e’lon qilar ekan, YuNESKO bu bayramni joriy etishdan asosiy maqsad sifatida quyidagi to‘rt ustuvor yo‘nalishni belgilab bergan:

  • jamiyat taraqqiyoti va tinchligi yo‘lida ilm-fan ahamiyati ne qadar ekanini keng jamoatchilikka yetkazish;
  • ilm-fan yutuqlaridan umumiy foydalanish borasida turli mamlakatlar orasidagi xalqaro va milliy birdamlik va hamfikrlikni qo‘llab-quvvatlash;
  • ilm-fan yutuqlarini jamiyat manfaatlari uchun yo‘naltirish borasida milliy va xalqaro qat’iyatga yangi kuch bag‘ishlash;
  • ilm-fan yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolarga jamiyat e’tiborini jalb etish va ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash.

Butunjahon ilm-fan kuni g‘oyasi, shuningdek, “ochiq ilm” tamoyilini ham ilgari suradi. Nomidan ham ma’lumki, bu tamoyil ilmiy manbalar, ilmiy ishlanmalar, hisobot va xulosalarning barcha uchun ochiq bo‘lishi, undan har kim erkin foydalana olishini ta’minlash g‘oyasini ko‘zlagan. Bayram tashkilotchilari bu orqali hech bir xalq ilmiy taraqqiyotdan orqada qolmasligi uchun oz bo‘lsa-da hissa qo‘shish mumkin bo‘ladi deb hisoblagan.

Ushbu bayram munosabati bilan turli tadbirlar, konferensiya va fan festivallari o‘tkaziladi. Unda yosh olimlar o‘z g‘oyalari, ishlanmalari bilan ishtirok etadi; katta olimlar esa o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Ilm-fanning bugungi dolzarb muammolari muhokama qilinadi. Intellektual o‘yinlar va viktorinalar esa bayramga o‘zgacha zeb beradi. Barcha ilm kishilari bir-birini ushbu muhim sana bilan tabriklaydi.

Biz ham, ushbu muhim sana munosabati bilan barcha ilm ahlini tabriklaymiz. Ilm-fan insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qilaversin. Ilmingiz yanada ziyoda bo‘lsin!

Muzaffar Qosimov