6-noyabr kuni Samarqand shahar Qorasuv massivi Obod Maskan mahallasi hududida “Agromir Bilding” korxonasi tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan ishchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan edi. IIV axborot xizmati ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabatni taqdim etdi.

Foto: IIV axborot xizmati

“Fuqarolardan, mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov yakuniga ko‘ra to‘liq axborot berilishiga qadar, ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan video tasvirlarga nomaqbul izohlar berishlaridan o‘zlarini tiyishlarini so‘ralgan edi.

Afsuski ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, bo‘lib o‘tgan voqeani bo‘rttirib ko‘rsatish, O‘zbekiston fuqarolarini millatchilikda ayblash hamda o‘zbek-turk munosabatlariga sovuqchilik tushirish maqsadida, bo‘lib o‘tgan hodisaga go‘yoki ‘Turk ishchilari oshxonada ishlaydigan mahalliy ayolni zo‘rlaganligi oqibatida’  yoki ‘Janjal mahalliy ishchilarning o‘zlari va turklarga ayni ish uchun berilayotgan oyligidagi katta farqidan kelib chiqqan’ degan vajlarni keltirish holatlari kuzatildi.

Voqeadan bexabar ayrim fuqarolar ushbu vajlarga berilib, salbiy izohlarni tarqalishiga sababchi bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 6-noyabr kuni Samarqand shahar, Qorasuv massivi Obod Maskan mahallasi hududida “Agromir Bilding” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavvatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan, Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida, o‘zaro tan jarohatlari yetkazilgan.

Surishtiruv jarayonida, mazkur janjal 1996-yilda tug‘ilgan Payariq tumani “Toxirshayx” mahallasida yashovchi, yakka tartibda mavsumiy mehnat bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek fuqarosi S.P. “Agromir Bilding” MChJ tomonidan yollangan quruvchi-montajchi bir nechta turk fuqarolari bilan olovda isinish bahonasidan kelib chiqqanligi, shundan so‘ng u avjiga chiqib, yuzaga kelgan janjalga qurilishga yollangan boshqa O‘zbekiston fuqarolari aralashib bir-birlariga tan jarohatlari yetkazilganligi aniqlandi.

Foto: IIV axborot xizmati

Xabarda aytilishicha, qurilish ishlariga 1 800 dan ko‘p O‘zbekiston hamda 200 dan oshiq Turkiya fuqarolari jalb etilgan.

Ushbu holat natijasida Turkiya davlati fuqarolaridan to‘rt nafari va mahalliy fuqarolardan bir nafari yengil tan jarohati olgan.

Surishtiruv jarayonida shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Turkiya fuqarolaridan 4 nafari jabrlanuvchi, 11 nafari janjalda ishtirok etgan faol guvoh tariqasida ushbu jinoyat ishiga jalb etilgan.

Shuningdek, 7 nafar O‘zbekiston fuqarosining jabrlanganligi, jinoyat ishidagi ishtirokchilik va ayblilik darajasiga tergov harakatlari davomida to‘liq aniqlik kiritiladi.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati mutassadi xodimlari tomonidan ishchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgan, deyiladi xabarda.

Mazkur mahallada qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda ustachilik qilayotgan besh kishi 4-noyabr, dushanba kuni is gazidan zaharlangan edi. 4-noyabrdan 5-noyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 23:30 da ko‘p qavatli uy-joy qurilishida ishlayotgan besh nafar usta yotoqxona sifatida foydalanilayotgan xonani isitish maqsadida temir idishda o‘tin cho‘g‘ini xonaga olib kirib uxlagan. Natijada, ular is gazidan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan.