Noyabr oyi jahon tarixidagi ko‘plab muhim sanalar bilan bog‘liq. Shulardan eng muhimlaridan biri Oktabr inqilobi bo‘lsa kerak. Umuman, ushbu voqeaning nomiyoq odamni biroz hayron qoldiradi: Oktabrda ro‘y bergan inqilob qanday qilib noyabr oyi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin?

“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh o‘z maqolasida Oktabr inqilobi bilan bog‘liq shu va boshqa savollarga javob beradi.

Tarixda inqilob va to‘ntarishlar ko‘p bo‘lgan, ammo ularning hech biri jahon tarixida va geosiyosiy maydonida XX asr boshlarida Rossiyada ro‘y bergan va kimlardir tomonidan Oktabr inqilobi, kimlardir tomonidan Oktabr to‘ntarishi deb atalgan voqeaday ta’sir ko‘rsatmagan.

Foto: Wikipedia

Oktabr inqilobi tufayli Rossiya tepasiga kommunistlar kelgan va 1991-yil 18-avgustgacha hukmronlik qilgan. 7-noyabr sanasi SSSRda Inqilob kuni sifatida katta tantanalar bilan nishonlangan. Bu inqilob haqida ko‘p va xo‘b gapirilgan, yozilgan.

Nega u oktabr oyida bo‘lib o‘tganiga qaramay, 7-noyabrda nishonlangan? Mensheviklar kimlar? KPSSning nomi necha marta o‘zgargan? Quyida shu va boshqa savollarga javob qidiramiz.

Rossiyaning bir qismi Yevropaning eng sharqiy qismida joylashgani, hududining kattaligi, Yevropa davlatlaridan birmuncha uzoqligi uchun XVIII–XIX asrlarda Yevropada bo‘lib o‘tgan turli islohotlar Rossiyaga eng oxirida yetib kelgan. Yevropaning aksar mamlakatlarida parlament tashkil qilinib, boshqaruv absolyut monarxiyadan konstitutsion boshqaruvga o‘tib bo‘lganda Rossiyada mamlakat hali ham imperator tomonidan boshqariladigan absolyut monarxiya edi. Shuningdek, Yevropa davlatlarida odamlarning siyosiy ongi oshib, ular turli namoyishlarga chiqib yurganda rossiyaliklar hali uyquda edi.

Inqilobni ko‘pchilik Rossiya Birinchi jahon urushida qatnashishi va uning ortidan ro‘y bergan qiyinchiliklar bilan bog‘laydi. Rossiyada inqilobga urinish ancha yillar avval – XX asrning ilk yillaridan boshlangan edi.

Birinchi inqilob qachon bo‘lgan?

XIX asrning ikkinchi yarmidan Rossiyada hur fikrli va siyosiy ongi yetilgan insonlar ko‘paydi. Ular yashirincha turli partiyalar tuzdi. Rossiya boshqalardan ortda qolayotgani va buning ortidan asosiy yuk xalq gardaniga tushayotganini aytib, Rossiyada nafaqat boshqaruvda, balki boshqa sohalarda ham islohotlar o‘tkazish kerakligini ilgari surdi. Shu tariqa XIX asr oxiri – XX asr boshida jamiyatda mavjud tuzumga qarshi qatlam shakllandi va uning say’-harakati bilan nafaqat 1905–1907-yilgi Birinchi rus inqilobi, balki Fevral va Oktabr inqilobi ham yuz berdi va imperator hokimiyati yiqitildi.

Foto: Wikipedia

Darvoqe, ilk marta “Yo‘qolsin yakkahokimlik”, “Yashasin respublika” shiorlari Birinchi inqilob davrida o‘rtaga chiqdi. Inqilob tufayli 1906-yil 27-aprelda Davlat Dumasi tuzildi; bu sana Rossiyada parlametarizmning boshlanishi sifatida tarixda qoldi.

Birinchi inqilob ancha tartibsiz tarzda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, 1915–1916-yillarga kelib Rossiyada imperatorning yakkahokimligiga chek qo‘yib, mamlakat parlamentar boshqarilishini va ko‘p sohalarda islohotlar o‘tkazilishini xohlovchilar endi tartibli va uyushgan holda harakat qila boshladi. Endi ular ma’lum yo‘nalishni aniq maqsadlar bilan tanlab olgan edi. Bolsheviklar, menshiviklar, eserlar va boshqa ko‘plab partiyalar endi bir yoqadan bosh chiqarib, imperatorni yiqitish uchun harakat boshladi. Ular mamlakatni monarxiya boshqaruvidan respublika boshqaruviga o‘tkazish tarafdorlari edi.

Rossiyani demokratik respublika qilish tarafdorlari orasida turli toifa vakillari bo‘lgani uchun bu inqilob keyinchalik Burjua inqilobi deb ataldi.

Mensheviklar kimlar edi?

1903-yilda Buyuk Britaniya poytaxti Londonda Rossiya sotsial-demokrat ishchilar partiyasi (RSDRP) II syezdi bo‘lib o‘tadi. Syezd ishida partiya yuqori organiga vakillar saylanadi va saylovda partiya safiga burjuaziya vakillari bo‘lgan o‘ziga to‘q o‘rtahollarni ham qabul qilish lozim deb hisoblaydigan delegatlar o‘rtaga chiqadi. Ularning rahnamosi I.O. Martov edi. Lenin bunga qarshi bo‘ladi. Masala ovozga qo‘yilganda Lenin tarafdorlari ko‘p ekani ma’lum bo‘ladi.

Foto: Wikipedia

Shundan keyin mensheviklar RSDRPning boshqa yig‘inlarida qatnashmadi. Ular o‘zlari alohida yig‘iladigan bo‘ldi. Mensheviklar bolsheviklar bilan g‘oya tarafdan birlasha olmagan bo‘lsa ham, amaliy ishlarda doim birga bo‘ldi. Birinchi inqilobda ham, Fevral inqilobida ham, Oktabr inqilobida ham ular bolsheviklar bilan bir safda turib harakat qildi.

Oktabr inqilobidan so‘ng hokimiyatni qo‘lga olgan Lenin ularni ta’qib qila boshladi. 1918-yilda u mensheviklarni “ishchi va dehqonlar hukumatiga qarshi qurolli to‘ntarishga tayyorgarlik ko‘rish”da ayblab chiqdi. Mensheviklar hamma joyda qamoqqa olina boshlandi. Bu jarayon 1919-yilda ham davom etdi. Mensheviklar xorijga qocha boshladi. 1920–1922-yillarda mensheviklarning aksariyati xorijga chiqib ketdi. 1936–1938-yillarda boshlangan Stalin qatag‘onlarida esa qolganlari yo‘q qilindi. Ozroq qismi o‘z aybini namoyishkorona tan olib, jazolanmay qoldi.

Fevral inqilobi

1917-yil 18-fevral: Petrograddagi Putilovsk zavodi ishchilari ish soatlarini qisqartirish va ish haqini oshirishni talab qilib ish tashlash uyushtirdi.

1917-yil 21-fevral: Petrogradda non yetkazib berish qiyinlashdi va nonga kartochka tizimi joriy etildi. O‘n minglab insonlar non talab qilib ko‘chalarga chiqdi. Ular hukumatdan zudlik bilan xalqqa non topib berish, urushni to‘xtatish, frontdagi qo‘shinlarni orqaga qaytarish va monarxiyani respublikaga almashtirish kabi siyosiy talablar qo‘ydi.

Foto: Wikipedia

1917-yil 24–26-fevral: Peterburgda ish tashlab ko‘chaga, hukumatga qarshi namoyishga chiqqanlar soni 200 mingdan 300 minggacha yetdi. Namoyishchilarni politsiya to‘xtata olmadi. Harbiylar esa xalq yo‘lini to‘sishni, odamlarni kuch bilan tarqatishni xohlamadi.

1917-yil 27-fevral: namoyishchilarga armiyaning bir necha batalyoni harbiylari qo‘shildi va namoyish qurolli qo‘zg‘olonga aylandi. Namoyishchilar harbiylar yordamida poytaxt Petrograddagi barcha administrativ binolarni qo‘lga oldi.

1917-yil 28-fevral: hokimiyat muvaqqat hukumatga o‘tdi.

1917-yil 1-mart: qurolli qo‘zg‘olonlar Rossiyaning boshqa shaharlarida ham boshlandi.

1917-yil 2-mart: Nikolay II vorisi Aleksey foydasiga taxtdan voz kechdi. Aslida birinchi nomzod Nikolay II ning ukasi Mixail Aleksandrovich edi. Ammo Nikolay II o‘z o‘g‘lini taxtga o‘tqazish uchun qoidalardan chekindi. Biroq uning o‘g‘liga taxtga o‘tirish nasib etmadi.

1917-yil 4-mart: Rossiya imperatori Nikolay II iste’fo bergani haqidagi xabar mamlakatdagi barcha gazetalarda e’lon qilindi. Uning ortidan esa Mixail Aleksandrovichning ham taxtdan voz kechgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Nikolay va oila a’zolarining ayanchli taqdiri

1917-yil mart oyida iste’fo bergan Rossiya imperatori Nikolay II ning taqdiri juda ayanchli tugadi. U taxtdan voz kechganidan keyin 22-martdan 14-avgustgacha uni oila a’zolari bilan Aleksandr saroyidagi Sarskoye seloda uy qamog‘ida saqlashdi.

Romanovlar.
Foto: Wikipedia

14-avgust kuni Nikolay II va oila a’zolarini temir yo‘l orqali Sibirga jo‘natishdi. Tyumen shahrigacha poyezdda yurgan imperator so‘ng paroxodga o‘tqazilib, Tobolsk shahriga olib kelindi. Tobolskda ularni sobiq gubernatorning yaxshilab ta’mirlangan uyiga joylashtirishdi. Bu yerda imperator va uning oilasi ancha erkin yashadi. Ular soqchilar hamrohligida ko‘chada, bozorda bemalol yurishi mumkin edi.

Oradan salkam bir yil o‘tib, aprel oyida Umumrossiya markaziy ijroiy qo‘mitasi (VSIK) Nikolay II va uning oilasini Sankt-Peterburgga qaytarish va ularni sud qilish haqida qaror qabul qildi. Aprel oyining so‘nggi kunlarida Nikolay II va uning xotini va bolalari, unga xizmat qilayotgan besh nafar odam (vrach, oshpaz va uning yordamchisi, xona xizmatchisi, shaxsiy xizmatchi) qamoqqa olinib, Yekaterinburg shahriga olib kelindi va qamab qo‘yildi.

Romanovlar oilasining qatli.
Foto: Wikipedia

1918-yil 17-iyul kuni kechki payt Nikolay II, uning xotini Aleksandra Fyodorovna va bolalarini, ularga xizmat qilgan vrach va uch nafar xizmatchini Yekaterinburg shahrida o‘qotar qurol bilan otib o‘ldirishdi. Ularning jasadlariga kislota quyib kuydirilib, ommadan bekitikcha Yekaterinburg shahri chetiga olib chiqib ko‘mib yuborishdi.

Oktabr inqilobi haqida

Rossiyani yetti oy muvaqqat hukumat boshqardi. Bu davr mobaynida Lenin boshliq bolsheviklar mamlakat bo‘ylab juda faol ish olib bordi va joylarda aholiga, ishchi va dehqonlarga hukumat hanuzgacha burjuaziya qo‘lida qolayotgani, uni albatta proletar ishchi va dehqonlar egallashi va hokimiyat “haqiqiy egalari” qo‘liga o‘tishi lozimligini uqtirdi.

1917-yil 16-oktabrda bolsheviklar partiyasining markaziy qo‘mitasi qurolli to‘ntarish haqida qaror qabul qildi.

1917-yil 18-oktabr kuni Petrograd garnizoni muvaqqat hukumatga bo‘ysunishni xohlamadi.

21-oktabr kuni garnizon boshliqlari faqatgina bolsheviklar Petrograd kengashiga bo‘ysunishini e’lon qildi.

Qishki saroy qamali.
Foto: Wikipedia

24-oktabrdan boshlab Petrograddagi muhim obyektlar bolsheviklar tomonidan birin-ketin egallana boshlandi. Ko‘priklar, vokzal, telegraf, banklar, elektrostansiya va tipografiyani harbiy inqilobiy qo‘mita egalladi.

25-oktabr kuni muvaqqat hukumat qo‘lida faqat bitta obyekt – Qishki saroy qolgan edi xolos. O‘sha kuni soat 10:00 da bolsheviklar tomonidan ishchi va askar deputatlari Petrograd kengashi Rossiyada yagona davlat hokimiyati ekani hamma joyga e’lon qilindi.

“Avrora” kreyseri.
Foto: Wikipedia

25-oktabr kuni kechki soat 21:00 da “Avrora” kreyseridan signal berildi va shu tariqa Qishki saroyni zabt etish operatsiyasi boshlandi. Sanoqli soatlardan keyin Qishki saroy ham zabt etildi. Qarshilik ko‘rsatganlar o‘ldirildi. Saroyda bo‘lib turgan barcha qamoqqa olindi. Mamlakatning barcha hududlariga Rossiyada hokimiyat ishchi va dehqonlar qo‘liga o‘tgani e’lon qilinib, telegrammalar yuborildi.

KPSS haqida

RSDRP 1898-yilda tuzilgan. 1903-yil 30-iyul kuni partiyaning navbatdagi syezdida delegatlar bolsheviklar va mensheviklar nomi bilan ikkiga bo‘linib ketganidan keyin partiyaning qisqartma nomi – RSDRPga “bolsheviklar” so‘zini ifodalovchi “b” harfi qo‘shilib yoziladigan bo‘ldi – RSDRP(b).

Oktabr inqilobidan keyin, 1918-yil 8-mart kuni partiyaning navbatdagi – VII syezdida mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan partiya nomi Rossiya bolsheviklar kommunistik partiyasi – RKP(b) ga o‘zgartirildi.

1924-yilda SSSR tuzilganidan keyin, 1925-yili partiyaning XIV syezdida uning nomi Butunittifoq bolsheviklar kommunistik partiyasi – VKP(b) deb yana o‘zgardi.

1952-yil oktabr oyida partiyaning XIX syezdida Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasi (KPSS) deb yana qayta o‘zgartirildi.

Oktabr inqilobi nega 7-noyabrda bayram qilingan?

Yuqorida Oktabr inqilobining qisqacha tarixini o‘qidingiz; u yerda inqilobning asosiy hodisalari 25-oktabrda ro‘y bergani yozilgan. Ammo SSSRda inqilob kuni 7-noyabrda bayram qilingan.

Bunga sabab shuki, 1918-yilgacha Rossiyada Yuliy taqvimidan foydalangan. 1918-yil 14-fevral kuni Rossiya Grigoriy taqvimidan foydalanishga o‘tdi. RSFSR Xalq komissarlari qarori bilan 1918-yil 31-yanvarning ertasi 1-fevral emas, 14-fevral sanasidan boshlandi. Shu tariqa taqvim 14 kun oldinga surildi. Shu tufayli inqilobning hal qiluvchi kuni va bayrami 25-oktabrda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa ham, bayram kuni yangi taqvimga muvofiq 7-noyabrga ko‘chirilgan.

Yoshi kattalar yaxshi eslaydi, 7-noyabr SSSRda bayram sifatida dam olish kuni edi va shu kuni mamlakat bo‘ylab juda katta bayram tantanalari o‘tkizilardi.

Bugun 7-noyabr Rossiyada bayram kuni emas. Faqat Belarusda “Ulug‘ Oktabr inqilobi bayrami” sifatida bayram qilinadi.

Xulosa

Oktabr inqilobi dunyo siyosiy sahnasiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Yevrosiyoning ko‘plab mamlakatlarida kommunistik partiyalar tuzildi. Hokimiyatni egallash uchun qo‘zg‘olonlar uyushtirildi. 1918-yilda Birinchi jahon urushi tugashi bilan Yevropadagi ikkita katta imperiya – Germaniya va Avstriya-Vengriya qulaganidan so‘ng Germaniya va Vengriyada bo‘lib o‘tgan inqiloblar ahamiyatli bo‘ldi. Ammo oradan biroz o‘tib, har ikki inqilob ham bostirildi.

Ikkinchi jahon urushida SSSR g‘alaba qozonar ekan, butun dunyoda kommunistik partiyaga qiziqish ortib ketdi. Dunyoning aksar davlatlarida, Yevropa mamlakatlarining qariyb barchasida kommunistik partiyalar tuzildi. Ikkinchi jahon urushida SSSR “ozod qilgan” ko‘plab mamlakatlar fashistlar changalidan qutulib, kommunistlar changaliga tushib qoldi. Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Ruminiya, Bolgariya, Yugoslaviya, Albaniya SSSR bosimi bilan sotsializm yo‘lidan ketishini e’lon qildi.

1989-yilda nafaqat SSSRda, balki Sharqiy Yevropadagi sotsialistik lagerga kiruvchi mamlakatlarda ham milliy uyg‘onish va ozodlik harakatlari bo‘lib o‘tdi. Buning natijasida ularning aksariyatida kommunistlar hokimiyatdan ag‘darildi va ular bundan buyon sotsializm g‘oyasi bilan yashamasligini, kelajagini bozor iqtisodiyoti, inson erkinligi ustiga qurmoqchi ekanini e’lon qildi. Ana shu hodisalarda aksariyat sotsialistik lagerga kiruvchi mamlakatlar rahbarlari o‘z xalqiga xiyonat qilganlikda, mamlakatda diktatura o‘rnatganlikda ayblanib qo‘lga olindi, sud qilindi va jazoga tortildi.

1991-yil SSSR tarqab ketganidan so‘ng ko‘p davlatlar kommunistik partiyadan voz kechdi.

Bugungi kunda ham dunyoning qator davlatlarida kommunistik partiya faoliyat olib boryapti; ularda bu partiya hukmron hisoblanadi:

Xitoy Xalq Respublikasi;

Vyetnam Sotsialistik Respublikasi;

Laos Xalq Demokratik Respublikasi;

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi;

Kuba Respublikasi.

1917-yilda “hokimiyat ishchi va dehqonlarga o‘tishi lozimligi”ni ilgari surgan Lenin boshliq bolsheviklar haqiqatan ham hokimiyatni ishchi va dehqonlarga olib berdi. Lekin oradan biroz o‘tib, hokimiyat tepasiga chiqqan “ishchi va dehqonlar” Chor Rossiyasi davridagi amaldorlardan battarroq vakolatga ega bo‘ldi.

Hokimiyat tepasiga chiqqan shaxs monarxlardan ko‘proq vakolatlarga ega bo‘ldi va SSSRning 73 yillik tarixida yangi elita yo vafot etib taxtni bo‘shatdi (Stalin, Brejnev, Andropov, Chernenko) yoki taxtdan ag‘darildi (Xrushchyov, Gorbachyov). Mamlakatda totalitar tuzum o‘rnatildi. Demokratik saylov haqida esa gap bo‘lmadi.

Bundan ham yomoni, ana shu tuzum ulkan hududda yashayotgan turli millatlar va xalqlarning tarixi, madaniyati, diniga chang solib, hammasini qorishtirib tashladi. Bunda madaniyat, tarixning kommunistik g‘oyani yoyish uchun kerak qismini o‘ziga olib, kerak bo‘lmaganini zararli deb, o‘rganishni taqiqladi. Dinlar zararli deb topildi va davlat boshqaruvi dahriylik ustiga qurildi. Turli dinlarga tegishli ko‘plab ibodatxonalar vayron etildi, muqaddas kitoblar yoqildi. Kommunistlar mafkurasiga to‘g‘ri kelmaydigan hamma narsani “yot unsur” sifatida baholadi.

Umuman olganda, bugun tarixchilar hatto Rossiyaning o‘zida ham kommunistlar boshqaruvidagi SSSR nafaqat Rossiya, balki jahon tarixida eng yomon boshqaruvga va mafkuraga ega bo‘lgan davlat deb hisoblaydi. Ayniqsa Stalin hukmronlik qilgan 1922–1953-yillar oralig‘ini hatto fashistik tuzum bo‘lgan deb hisoblashadi.

Shundan kelib chiqib baholaydigan bo‘lsak, u tuzumning chirishi, SSSRning tarqab ketishi va uning tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonimizning urushsiz, vayronagarchiliklarsiz mustaqil bo‘lib ketishi katta muvaffaqiyatdir.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.