9-noyabr Berlin devori qulagan kun hisoblanadi. Ushbu sana Germaniya tarixida muhim o‘rin tutadi – aynan shu sana fashizm tufayli vayron bo‘lgan mamlakat qayta birlashib, rivojlanishiga va Yevropa yetakchilaridan biriga aylanishiga zamin yaratdi.

Foto: Wikipedia

“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh Berlin devorining qulashi haqida hikoya qiladi.

Ikkinchi jahon urushida Gitler boshliq fashistlar Germaniyasi yengildi. Shundan so‘ng Germaniyada ittifoqchilar – SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘shinlari joylashtirildi. Sharqiy Germaniyani to‘lig‘icha SSSR armiyasi, G‘arbiy va Janubiy Germaniyani AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘shinlari egalladi. Bir muammo kelib chiqdi – poytaxt Berlinning maqomi masalasida. SSSR tomoni Berlin “o‘ziniki” bo‘lishini xohlardi. Ittifoqchilar ham qo‘shinlarini Berlinga joylashtirishgan edi va ular Berlin tamomila SSSR qo‘l ostida qolishini xohlamadi. Muammo shunda ediki, Berlin SSSR qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan hududning ichida edi. Ammo ittifoqchilar biaribir ko‘nmadi va shu tariqa Berlinning yarmi SSSR, qolgan yarmi Ittifoqchilar qo‘shinlari nazorati ostida qoldi.

Sovet askarlari Berlinda.
Foto: Wikipedia

Shahar ikkita nom bilan – Berlin va G‘arbiy Berlin deb atala boshlandi. O‘sha paytda har ikki tarafda yashovchi aholi harbiylar tomonidan o‘rnatilgan turli kechish maskanlaridan o‘tib, shaharning ikki tarafiga ham erkin harakatlana olar edi. O‘shanda shahar bo‘ylab harakatlanishda qandaydir cheklovlar bo‘lmagan.

Berlin haqida

Germaniya poytaxti XIII asrning birinchi yarmida paydo bo‘lgan.

1486-yilda u Bradenburgning, keyinchalik Prussiyaning markazi bo‘lgan. 1871-yildan esa Germaniyaning poytaxti hisoblanadi.

Bo‘linish

Jahon tarixida Berlin 1943-yildan 1945-yilgacha eng ko‘p bomba ostida qolgan shahardir.

Ikkinchi jahon urushi tugashi arafasida, 2-may kuni SSSR qo‘shinlari Berlinni batamom egalladi.

Fashistlar Germaniyasi yiqitilgandan so‘ng shaharning g‘arbiy qismiga ittifoqchilar qo‘shinlari kirib keldi va SSSR qo‘shinlari bilan birlashdi. Shu tariqa shaharning g‘arbiy qismi ittifoqchilar nazoratida qoldi.

Bundan 71 yil muqaddam – 1948-yil 24-iyunda SSSR qo‘shinlari G‘arbiy Berlinni o‘rab oldi va shaharning shu qismiga kiruvchi barcha yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.

SSSRning bu ishidan norozi bo‘lgan G‘arb davlatlari o‘zlari egallab turgan G‘arbiy Germaniyada shu nomli davlatni tuzish harakatlarini boshladi va bu uchun har biri bittadan vakil tayinladi.

1948-yil 1-sentabrda Bonn shahrida vakillarning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Harakatlar tezlashib ketdi va 1949-yil 8-may kuni G‘arbiy Germaniya konstitutsiyasi qabul qilinib, 23-mayda Germaniya Federativ Respublikasi tuzilgani e’lon qilindi.

Bunga javoban 1949-yil 7-oktabrda SSSR Germaniya sharqida Germaniya Demokratik Respublikasi tuzilganini va Berlin shahri uning poytaxti bo‘lishini e’lon qildi.

Foto: Wikipedia

Lekin G‘arbiy Berlin bu yerda bo‘lib turgan ittifoqchilar nazoratida qoldi va GDR poytaxti faqat Sharqiy Berlindan iborat bo‘ldi.

Chegaraning yopilishi

Germaniya va uning poytaxti ikkiga bo‘lingan ilk davrlarda avvaliga chegaralar ochiq edi. Berlinni shahar o‘rtasidan tortilgan 44,8 kilometr uzunlikdagi liniya ikkiga ajratib turardi. G‘arbiy Berlinning GDR bilan umumiy chegarasi esa 164 kilometrni tashkil etar edi.

Chegara ko‘chalar, kanallar hatto uylar bo‘ylab o‘tar edi.

G‘arbiy Berlindan GDR va uning poytaxti Sharqiy Berlinga o‘tishda umumiy 81 ta ko‘chada rasmiy kechish maskani, 13 ta kechish maskani esa metro va temir yo‘lda joylashgan edi.

Shuni ham esdan chiqarmaslik kerak-ki, bu ikki mamlakat o‘shanda bir-birini tan olmagan edi.

1957-yilda GFR rahbari bo‘lgan Konrad Adenauer yangi doktrina e’lon qildi. Bu doktrinaga ko‘ra, qaysi davlat GDRni tan olsa, GFR o‘sha  zahoti u bilan barcha aloqalarni uzadi. Bunga javoban 1958-yil noyabr oyida SSSR rahbari Nikita Xrushchyov G‘arb davlatlarini 1945-yilda qabul qilingan Potsdam kelishuvini qo‘pol tarzda buzayotganlikda aybladi va SSSR Berlinning maxsus xalqaro maqomiga rioya qilishni to‘xtatganini e’lon qildi. SSSR hukumati G‘arbiy Berlinni GDRga qaytarish masalasida o‘z takliflarini e’lon qildi va AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyadan Berlin masalasida muzokara stoliga o‘tirishni so‘rab, olti oylik ultimatum qo‘ydi. G‘arb mamlakatlari ultimatumni pisand qilmadi.

1960-yil avgust oyida GDR hukumati fuqarolari GFRga o‘tishiga cheklov o‘rnatdi. Bunga javoban GFR GDR bilan tuzilgan savdo kelishuvlarini bekor qildi. GDR hukumati esa GFRning bu xatti-harakatini “GDRga qarshi savdo urushi” deb baholadi.

Bu ikki davlat tuzilganidan so‘ng GDRda “Har sohada GFRni ortda qoldirish” shiori ilgari surilgan edi. Biroq mamlakatni SSSRdan “eksport” qilingan qattiqqo‘llik uslubi bilan boshqarish, sanoat va qishloq xo‘jaligini boshqarishda zo‘ravonlik siyosatini yuritish GDRni orada o‘tgan o‘n yildan oshiqroq vaqtda ancha erkin boshqaruv va bozor iqtisodiyotiga asoslangan iqtisod yuritayotgan GFRdan rivojlanishda ancha ortda qoldirib yubordi. Buning natijasida esa har ikki mamlakatda erkinlik va mehnatga haq to‘lashda katta tafovut yuzaga keldi. Bu holatda 1958–1961-yillarga kelib GDRdan GFRga ko‘chib ketuvchilar sezilarli ko‘paydi.

Sotsialistik lagerdan kapitalizmga qochish

Hisob-kitoblarga qaraganda, 1949–1961-yillarda GDRdan GFRga jami 2,7 million odam ko‘chib o‘tgan. GFRga ko‘chib o‘tuvchilarning asosiy qismini 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etgan. Har kuni birgina Berlinning o‘zida GFRga kirib chiquvchi odamlar yarim million nafarni tashkil etgan. 1960-yilning o‘zida GDRdan GFRga jami 200 mingdan oshiq odam ko‘chib o‘tgan.

Foto: Wikipedia

1961-yil 5-avgust kuni Sharqiy Yevropadagi sotsialistik davlatlar kommunistik partiyasining bosh kotiblari yig‘ilishida, 7-avgustda esa Germaniya kommunistik partiyasi siyosiy byurosining yig‘ilishida GDRning GFR va G‘arbiy Berlin bilan chegaralarini yopish taklifi ma’qullandi. 12-avgustda esa GDR Vazirlar kengashi bu haqda qaror qabul qildi.

G‘arbiy Berlin va GDR chegarasi bo‘ylab devor tortishga qaror qilindi. 1961-yil 13-avgustda G‘arbiy Berlinni 25 ming SSSR harbiy askarlari chegara bo‘ylab o‘rab oldi.

15-avgustda Berlin devori qurilishiga start berildi. O‘sha paytda 19 yoshli chegarachi Konrad Shumann bloklar ustidan sakrab o‘tdi va rasman Berlin devoridan oshib o‘tgan birinchi qochoq sifatida tarixda qoldi. Devorning balandligi 6 metr bo‘lib, u o‘ta pishiq beton bloklaridan qurildi. Devor yonida o‘ziga xos “o‘lim chegarasi” belgilandi va kimki unga yaqinlashsa chegarachilar tomonidan otib tashlanishi e’lon qilindi. 17-avgustda 18 yoshli quruvchi Peter Fexter devordan oshishga urinayotganda otib tashlandi va bu harakat chog‘ida halok bo‘lgan birinchi qurbonga aylandi. Devorning umumiy uzunligi 164 kilometrni tashkil etgan. Berlin devori qulatilganiga qadar devordan oshishga uringan 92 kishi o‘ldirildi, ko‘plab odamlar yaralandi.

Devor o‘n kunda qurib bitkazildi. GDR aholisiga GFRga o‘tish taqiqlab qo‘yildi.

Berlin devori g‘isht va toshlardan qurilgan edi. Aholi tomonidan tosh va g‘ishtlar o‘rnidan ko‘chirilib, devorning uyoq-buyog‘idan G‘arbiy Berlinga qochib o‘tish holatlari ko‘payavergach, 1975-yilda devorning asosiy qismi 3,6 x 1,5 o‘lchamdagi beton bloklardan qayta tiklandi. Yana bir qismi esa baland metall panjara bilan o‘raldi. Bunda G‘arbiy Berlinni tamoman o‘rab olgan 164 kilometrli uzunlikdagi devorning beton blok bilan yopilgan qismiga jami 45 mingta beton blok ishlatildi.

1961-yildan 1989-yilgacha GFRning bir bo‘lagi bo‘lgan G‘arbiy Berlin devor bilan o‘rab olingan va GDR aholisiga GFRga o‘tish taqiqlangan bo‘lsa-da, GFRga qochib o‘tishdan GDR aholisini baland devor ham, baland panjara ham to‘xtatib qola olmadi. Odamlar qariyb 30 yil davomida GDRdan GFRga to‘xtovsiz qochib o‘tdi. Ular GFRga qochish uchun devordan oshib o‘tdi, metall panjarani kesdi, devor ostidan lahm kavladi, yer osti kanalizatsiya quvurlaridan foydalandi.

Devorning qulashi

1980-yillarning oxirrog‘ida SSSRdagi va butun Yevropadagi sotsialistik lagerga kiruvchi mamlakatlarda islohotlar boshlanib ketdi. Shu jumladan GDRda ham. Bundan roppa-rosa o‘ttiz yil avval, 1989-yil 9-noyabrda GDRning yangi tayinlangan hukumati GDRdan va Berlindan G‘arbiy Berlinga o‘tadigan to‘siqlarni olib tashladi va odamlar “qo‘shni davlat”ga erkin borib kelishi mumkinligini e’lon qildi.

Foto: Wikipedia

10–12-noyabr kunlari, uch kunda 2 million GDR aholisi G‘arbiy Berlinga o‘tib qaytdi. Shundan so‘ng odamlar Berlin devorini yiqitishga tushdi. 1990-yil yanvar oyida devorni yiqitishga rasman kirishildi va qisqa muddatda yiqitildi. Devorning ma’lum qismi bir millatni, bir davlatni ikkiga ajratgan qora kunlardan yodgorlik sifatida asrab qolinadigan bo‘ldi.

1990-yil 3-oktabr kuni GDR va GFR yagona Germaniyaga birlashganidan so‘ng poytaxt Bonn shahridan yana Berlin shahriga ko‘chirib kelindi. Hukumat esa 2000-yilga kelibgina Berlinga ko‘chdi. Ungacha faoliyatini Bonnda olib bordi.

Bugun Berlin devorining saqlanib qolgan qismini tomosha qilish uchun har yili Berlinga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.