Dubayda kuchli yomg‘ir sabab dunyodagi eng katta savdo markaziga suv toshdi. Bu haqda “Russkiye emirati” xabar berdi.

Foto: Nawaiwaqt

Ijtimoiy tarmoqlarda The Dubai Mall savdo markazidagi avtomobillar to‘xtash joyi va do‘konlarda suv toshgani haqida foto hamda videolar tarqalgan.

Toshqinga 10-noyabr, yakshanba kuni Dubayda yog‘gan kuchli va qisqa davom etgan yomg‘ir sabab bo‘lgan. Videolarda katta brend do‘konlari joylashgan qavatda suvning 10 santimetr balandlikkacha ko‘tarilgani ko‘rinadi. Boshqa bir videoda esa avtomobil to‘xtash joylarining birida yomg‘ir suvining sharshara kabi yuqori qavatlardan pastga qarab oqayotgani tasvirga tushirilgan.

Dubai Media Office’ning Twitter’dagi rasmiy sahifasidagi suratlarda suv toshgan do‘konlar aks etgan.

Foto: Twitter

Foto: Twitter

Foto: Twitter

Emaar qurilish kompaniyasining rasmiy vakili suv toshqinlarining vaqtinchalik holat ekani, savdo markazining brend do‘konlari, restoranlari va boshqa ommaviy nuqtalari odatiy ishini davom ettirishi va texnik xodimlar tezkorlik bilan suv toshqini asoratlarini bartaraf etishini bildirdi. Dubayda 10–12-noyabr kunlari uch kun davomida yomg‘ir yog‘ishi ma’lum qilingan.

The Dubai Mall – Downtown tumanida joylashgan va dunyodagi eng ulkan ko‘ngilochar savdo markazi hisoblanadi. Dubai Mall’ning umumiy maydoni 1,2 million kvadrat metri, savdo rastalarining maydoni esa 350 244 kvadrat metrni tashkil qiladi.