O‘zbekiston Prezidentining 12-noyabrdagi qarori bilan Olimjon To‘ychiyev Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Olimjon To‘ychiyev Innovatsion rivojlanish vazirligida boshqarma boshlig‘i va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Olimjon To‘ychiyev 1991-yil Toshkent viloyati Bekobod shahrida tug‘ilgan. Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2015-yil mashinasozlik muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr darajasi va 2017-yili Mexatronika yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik darajasiga ega bo‘lgan. Olimjon To‘ychiyev 2016—2017-yillarda Germaniyaning Xoffenxaym universitetida ham tahsil olgan.

Shuningdek, Olimjon To‘ychiyev 2013-yil ovoz orqali masofadan boshqarilib, turli topshiriqlarni bajaradigan, o‘zbek tilini tushunadigan birinchi robotni yaratib, fan va texnika sohasida, ayniqsa, robototexnika sohasini yoshlar o‘rtasida keng ko‘lamda ommalashtirish yo‘lida qo‘shgan hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

2017-yil Olimjon To‘ychiyev “Kamolot” YoIH qurultoyida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan edi.