Xonanda Lola “Sevgingni menga ayt” deb nomlangan taronasiga ishlangan ikkinchi klipini taqdim etdi. Ushbu klipda xonandalarga litsenziya beruvchi komissiya faoliyati o‘ziga xos ravishda ochib berilgan.

Foto: YouTube

Klipda Lola litsenziya olish uchun “Sevgingni menga ayt” qo‘shig‘ini komissiyaning ikki nafar a’zosi oldida sahnada ijro etadi. Xonanda “O‘zbekkonsert” litsenziyasini olib qo‘yib, ikki kundan keyin qaytarib bergan Jahongir Otajonovni ham eslab o‘tgan. Uning “Qaddi baland” taronasi yangraganida komissiya a’zolari qo‘shiqni o‘chirishni so‘raydi. Lola qo‘shiq aytayotganida komissiya a’zolari xonandani to‘xtatib, uning libosi milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmasligi, shlyapa kiyib olgani ularga yoqmaganini, shuningdek, sahnada Lolaning yonida ikki qiz o‘rniga sozandalar bo‘lsa yaxshiroq bo‘lishini aytadi.

Lola shlyapa o‘rniga cho‘girma kiyib chiqadi, shu payt sahnaga “jinoyatga moyil bo‘lgan” ayollar chiqib keladi. Ularning toifasi birma-bir o‘qib eshittiriladi, “Ma’naviy ko‘makka muhtoj ayollar” deyilganida Lola “men” deydi va boshqa qolgan ayollar bilan sahnadan chiqib ketadi.

Klipda, shuningdek, Lolaning Instagram’dagi kuzatuvchisi ham ishtirok etadi. U xonandaga qarab “Sizning tomingiz ketganmi? Yoki Maruvga taqlid qilyapsizmi?” deb so‘raydi. Videoda soqolli erkaklar ham ko‘rinish bergan.

Klip oxirida badiiy komissiya a’zosi Lolaga litsenziya berilgani haqidagi hujjatni imzolaydi, qo‘shiq esa “O‘zbek shou-biznesiga omad, cho‘ntakka daromad” so‘zlari bilan yakunlanadi. Xonanda bu bilan litsenziyani sotib olish mumkinligiga ishora qilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: YouTube

Lola o‘z faoliyatida bir necha marotaba byurokratik to‘siqlarga duch kelgan. “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi 2015-yilda “o‘ta ochiq sahna liboslari uchun” uning litsenziyasini bekor qilgan edi. Lola “O‘zbeknavo”ga litsenziyasini qaytarib berishni so‘rab murojaat qilgan, bir necha davlat tadbirlarida ishtirok etgan edi. Birlashma tomonidan uning litsenziyasi 2015-yilning dekabrida qaytarib berilgan.

2017-yilning fevral oyida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tugatilgach, uning o‘rniga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tashkil etildi. Ushbu muassasa xonandalarning ijodi, o‘zini tutishi, kiyinishi milliy mentalitetga, o‘zbekona urf-odatlarga mos kelishini nazorat qiladi.

Avvalroq, Lola Instagram’dagi sahifasida “Kelin ham odam!?” deb nomlangan post qoldirgan edi. Ushbu postda xonanda o‘zbek oilalarida kelinlarning qanday qiyinchiliklarga duch kelishi haqida o‘z misolida ma’lumot berib, ayollarni o‘zini hurmat qilishga chaqirgan edi.