“Farhod va Shirin” musiqiy dueti prodyuseri hisoblangan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod jurnalist Feruz Muhammadga bergan qisqa intervyusida “Shirinning to‘yidan so‘ng duet faoliyatini davom ettirish yoki ettirmasligiga” oydinlik kiritdi.

Men eng baxtli otalardan bittasiman. Inson hayotda qanaqadir sinovlardan, davonlardan o‘tadi. Bu ham eng yaxshi davonlardan bittasi. Shirin kelgan vaqtida 16 yoshlik qizcha edi, mana asta-sekin san’atda o‘z o‘rnini topdi, ko‘plab muxlislarga ega bo‘ldi, mana baxtini ham topdi. Alloh baxtini ziyoda qilsin illohim.

O‘zim uchta qizimni, ikkita o‘g‘limni uylantirdim. Bundan tashqari shogirdlarim xonandalar — Sherbek Shodiyev va Afsonaning quvonchli kunida bosh bo‘lib turish nasib qildi, yaqinda nabirali bo‘ldik, mana bugun Shirinni uzatyapmiz, ochig‘i mendan baxtli odam yo‘q. Endigi navbat Farhodga. Farhodni ham uylantirgandan so‘ng yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ladi xudo xohlasa.

Xudo xohlasa Farhod va Shirin dueti tarqalmaydi, balki yanada kuchayadi. Bu ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap, desam ham adashmayman. Kuyovimiz Nodirning ham juda kuchli ovozi bor, balki Nodir ham duetga qo‘shilar, qo‘shilishi aniq, u ham loyihamiz sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Farhod va Shirin dueti faoliyatini davom ettiradi. Chunki xalqning oldida va’da qilgan, lavz qilgan joylarimiz bor. Shu yil konsert dasturini taqdim etmoqchi edik, to‘y sabab konsert dasturi 2020-yilga qoldirildi. Bizdan muxlislar yangi kuy, taronalar kutishmoqda, biz albatta ijodimizni birgalikda davom ettiramiz.

Bobur Bobomurod, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Farhod va Shirin” dueti prodyuseri  

Ma’lumot uchun, “Farhod va Shirin” duetidagi xonanda Shirin o‘zining “Itoat” deb nomlangan qo‘shig‘i bilan tanilgan xonanda Nodir Zoirovga turmushga chiqdi. Nikoh oqshomi 2019-yilning 11-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi.