“Buxoro—Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab qatnovchi “Sharq” poyezdining 14-noyabr kechki reysi elektr ta’minotidagi uzilish sabab Samarqand viloyatining Jomboy tumanida to‘xtab qoldi. Bu haqda poyezd yo‘lovchilari “Daryo”ga ma’lum qildi; Transport vazirligi poyezd to‘xtab qolgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

Skrinshot: Google Xarita

Poyezd yo‘lovchilarining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, soat 20:30 holatiga ko‘ra poyezd salkam bir soat to‘xtab turgan. Yo‘lovchilarga poyezdning to‘xtab qolishiga elektr energiyasidagi uzilishlar sabab qilib ko‘rsatilgan.

Transport vazirligi matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, poyezd haqiqatan ham to‘xtab qolgan; hozirda mutaxassislar tomonidan o‘rganish olib borilayotgani va qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.

Foto: “Daryo”

Avvalroq, “Toshkent—Andijon” yo‘nalishida harakatlanuvchi 62-sonli yo‘lovchi poyezdi elektrovozining elektr quvvatida uzilish tufayli bir soat davomida to‘xtab qolgani haqida xabar qilingan edi.