Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ikki bor hisobda oldinda bora turib, yakunda Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘ydi. Hamma yana Ergash Karimov ijrosidagi “Uchrashuv”ni eslamoqda: “Tuppa-tuzuk o‘ynab turuvding, oyog‘ingga koptok kelishi bilan, mana bizga uzat, biz koptokni yorib tashlamaymizmi, yutuq senda qolmaydimi?”.

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiyadagi ayol haqida fojiali xabar: u uch farzandini 10 yil tutqunlikda saqlagan, bolalar uydan qochib ketgach o‘z joniga qasd qilgan. Ayolning qo‘shnilari u haqda yomon fikr bildirmagan, biroq uning bolalari ham borligini bilmagan. Bolalarning yoshi 20, 15 va 11 da ekani aytilmoqda — kenja farzand shifokorlarga so‘nggi bor 11 oyligida ko‘ringan.

Samarqandda 23 yoshli qiz qamoqxonadan qochibdi. Qochish tafsilotlari ma’lum emas, biroq 9-oktabrdan beri qidiruvda bo‘lgani aniq. U 13-noyabr kuni Gazli shaharchasida qo‘lga olingan va Samarqand viloyati IIB Jazoni ijro etish boshqarmasiga qarashli 37-son manzil-koloniyaga topshirilgan. Eh, yaqinda ham maqtanib yurishgandi: “O‘zbekiston qamoqxonalaridan qochish holatlari yo‘q”, deb.

Senat Qashqadaryoda besh erkak 26 yoshli bir ayolni zo‘rlagani voqeasiga munosabat bildirdi. IIVning Birlashgan tahririyati tomonidan yuritiladigan “Postda.uz” sayti ushbu voqeani yoritarkan, qizning o‘zida va uning ota-onasida ham ayb borligi, yarim tunda bir qizning ko‘chada bir o‘zi  yurishi yaxshi emasligi haqida munosabat bildirib, “qovun tushirgan” edi. Senatning eslatishicha, O‘zbekistonda ayollarning yarim kechasi ko‘chada yurishi taqiqlanmagan.

“Lukoyl” Qashqadaryoda ishchilarni haqorat qilgan amaldor voqeasiga aniqlik kiritdi. “Lukoyl”ning gapirishi uchun avvaliga “Adolat” partiyasi, so‘ng O‘zLiDeP va O‘zXDP munosabat bildirishiga to‘g‘ri keldi, “Lukoyl” xodimining xatti-harakatlarini “Yuksalish” umummilliy harakati ham qoralab chiqdi. Kompaniyaning bildirishicha, Dehqonoboddagi xodimlar juda qo‘pol, insonlar o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatoliklarga yo‘l qo‘ygan, bosh energetik esa shunday achchiqlanib, so‘kingan.

O‘zbekistonda totalizatorga ruxsat berilishi mumkin. O‘zbekistonda totalizatorlar 2007 yil arafasida — Toshkent Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinganidan so‘ng butkul taqiqlangan edi. Ko‘cha-ko‘yda taqiqlangani bilan, internet zamonida xohlagan odam xohlagan o‘yini uchun pul tika oladi, baxtga qarshi. Shuni tushunib yetishgan shekilli. Mabodo ruxsat berilsa ham, totalizatorlar 2021 yildan ish boshlaydi. Ungacha, masalan, 2020 yilda Buxoro Islom madaniyati poytaxti bo‘ladi.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

O‘zbekistonda yana nima yangiliklar? Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi, shuningdek, Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashini tuzish haqida topshiriq berdi. Prezidentning sobiq matbuot kotibi Asadjon Xo‘jayev esa yangi lavozimga tayinlandi. Oliy Majlisda Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun muhokama qilinmoqda — qonun parlamentga qanday olib kelingani videosini albatta tomosha qilish shart. AQSh elchixonasidagi bitta uskuna sabab Toshkent nuqul dunyoning havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatiga kirib qoladi — Ekologiya qo‘mitasi bitta uskunaga qarab havo holatini aniqlash noto‘g‘ri deyapti. Turkiya o‘zbekistonlik talabalar uchun grantlar miqdorini uch barobarga oshirmoqchi. Koreyalik kreditor esa Rossiyada “O‘zavtosanoat”ni sudga beribdi. Gulistonda 4-kursda o‘qiydigan talaba telefonda gaplashayotib, universitetning 3-qavatidan tushib ketibdi. Farg‘onadan ham bir shingil: shovvozlar kitob tashishga mo‘ljallangan yuk mashinasida kartoshka tashibdi, hamshiralikka ishga kiritib qo‘yish uchun 800 dollar so‘ragan ayol qo‘lga olinibdi.

Dunyoda nima gap? Gonkong hali ham notinch, Boliviya ham tinchigani yo‘q: Meksikaga qochib ketgan sobiq prezident Evo Morales AQShni aybdor qilyapti, lekin “siyosiy inqirozga chek qo‘yish uchun” vatanga qaytishga tayyorligini aytyapti; aytmoqchi, Boliviyadagi ishlar Eronga yoqmayapti. Eronning shundoqqina yonidagi Kuvaytda bosh vazir iste’fo so‘radi. Tramp va Erdo‘g‘on esa hali ham Suriyadagi ishlar bilan band: Trampning aytishicha, al-Bag‘dodiyning o‘rniga IShID rahbari bo‘lgan terrorchi hozir qochib yuribdi, Erdo‘g‘on esa Trampning shov-shuvli (aytishlaricha, axlat qutisiga tashlangan) xatini qaytarib beribdi. Rossiyadagi fojialar esa AQShdagilariga o‘xshab ketyapti: kollejda o‘quvchi otishma keltirib chiqargan, kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Yana ikki qiziq xabar: hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyoning eng boy odamlari banklarga ishonmay qo‘yibdi, davrimizning birinchi raqamli tabiat qo‘riqchisi hisoblangan shvetsiyalik o‘quvchi qiz Greta Tunberg AQShdan Ispaniyaga katamaranda yo‘lga chiqibdi — samolyotda ketsa, havoni ifloslashga hissa qo‘shib qo‘yishi mumkin ekan.

Fojiali YTHlar. Peruda avtobus jarlikka qulashi oqibatida kamida 19 nafar, Slovakiyada avtobus halokatga uchrashi oqibatida kamida 12 nafar, Eronda yuz bergan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi. Yo‘llarda ehtiyot bo‘laylik, vatandoshlar!