Suriyada hammasi nimadan boshlanganligini bilasizmi? Mamlakat og‘ir ahvolda bo‘lsa-da, isyon kayfiyati yo‘q edi. Bir o‘smir bola devorga “Asad zolim, Asad zolim” deb yozib ketadi. Uni topib ichkariga olib kirishadi. Hech kimga xabarini berishmaydi. Ko‘p o‘tmay hibsdan... uning o‘ligi chiqadi. Marhumning yaqinlari norozilik namoyishiga chiqadi va qolganini bilasiz.

O‘zbekistonliklar qariyb bir hafta “Abdulloh_qayerda?” deya savol berdi. Viloyat miqyosidagi ichki ishlar boshqarmasi mulozimining palagini bosib qo‘ygan oddiy fuqaroni jazosiz qo‘yishmasligini ko‘pchilik anglasa-da, suvga tushgan toshdek g‘oyib bo‘lishi odamlarni qattiq xavotirga soldi. Na IIB, na prokuratura biladigan bu “boshqa tashkilot” qaysi bo‘ldi? Davlat qonunlari qayerda qoldi? Hatto xayolga qo‘rqinchli taxminlar keldi. Qaytmasa-chi? Odamlarni izsiz o‘g‘irlash, qiynoqqa solish, qo‘rqitish zamoni qaytdimi?

Foto: “Human.uz”

Yo‘q, qaytmagan ekan. Chunki Abdulloh uyiga sog‘-omon qaytdi. Demak, ozgina umid miltillamoqda. Faqat u qayerda bo‘lganini bilmaganimiz yomon. “Qarg‘a” mashinasiga solib bir kishilik kameraga olib kelindimi yoki ikki qavatli avtobusda aylantirildimi – bilmaymiz, aytmadi. Abdulloh aybsiz emas, biroq katta mansabdorning mashinasini qirib yuborgani uchun jazolandimi yoki internetda “kattalar”ga nojoiz yozgani uchunmi – buni ham bilmaymiz. Shubha gumondan yomon. Uning aybi va qaysi qonun-qoida asosida jazolangani oshkor etilsa, kelajakda bunday mavhumliklar bo‘lmaydi. Odamlar esa mashinasining gaz tepkisini ham, klaviaturasini ham o‘ylab bosadi. Aytadigan gaplarimiz shu. Ochiq-oshkoralik, qonun-qoida ustunligiga, barcha uchun bir xil o‘yin qoidasiga erishish umidi hamon miltillamoqda. Miltillagan nur so‘nmasin, zulmat bo‘lmasin.

Jafokash mulozimlar ziyorati

Marhum prezidentimizni zimdan tanqid qilish boshlangan. Ammo u insonni yaxshi ko‘radiganlar ko‘p ekanki, ko‘zda yosh bilan kuzatib qo‘yilgandan beri qabridan odam arimayapti. Shu desangiz, yaqinda bir guruh mulozimlar qora Mercedes mikroavtobusida Shohi Zindaga borib, yig‘lab-siqtab kelishibdi. Dardlari ichida ekan.

  • Bizni qayerga tashlab ketdingiz, doda? Mikrofonga gapirishni bilmayapmiz;
  • Siz bizni jurnalistlardan asrar edingiz. Eshigimizgacha ming chig‘iriqdan o‘tib kirardi. Hozir idoralarimiz jurnalistlarning kaptarxonasiga aylandi;
  • Nima desak kulgili chiqyapti. Siyosiy mavzularga aralashmasdan oddiygina elektrni yoki go‘shtni gapirsak ham, nonni gapirsak ham – xalq qah-qah urib kulyapti. Nimalar bo‘lib ketdi-ya, doda!
  • Bloger degan odamchalar chiqqan. Sizning paytingizda pisib yurardi. Har kuni nutqimizdan uzilgan gaplarimizdan yasalgan rasmlarni internetda tarqatib bizni masxaralaydi;
  • Majlislarda so‘kinolmay qoldik. Eshikdan chiqishimiz bilan internetda so‘kinganimiz paydo bo‘lib turibdi. Nima qilaylik, dodajon? Majlisga hammani qip-yalang‘och kiritib bo‘lmasa;
  • Paxtani do‘xtir termasa, ko‘chani o‘qituvchi tozalamasa, axir bu ishlarni kim bajaradi?
  • Mustaqilligimiz bunyodkori, davlatimizning shu darajaga kelishiga sababchi zotning ruhlari shod bo‘lsin, omiyn!
  • Bu zotning davrlarida biz mustaqil edik. Gazit-jo‘rnallardan, muxbir-suxbirdan mustaqil edik. Ikki soatlab so‘kardim, fermerlar g‘ing demasdi. Eh, u damlar o‘tdi-ketdi...
  • Kamera qaratilsa, ajdarning og‘zini ko‘rganday cho‘chib ketyapman, dodajon. Shuncha kameralar qarshisida qandoq gapirar edingiz-a;
  • Mikrofon tushlarimga kirib chiqyapti. Ro‘paramga olib kelsa, g‘ajib tashlayman.

Shunday qilib, qora Mercedes’da g‘udrangancha qaytishdi. Aytishlaricha, hozir ham o‘zaro suhbatlashganda “boshqacha davrlar”ni eslab yurishganmish.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.