So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda qator sayyohlik firmalari tomonidan muqaddas Umra ziyoratini tashkil qilish bo‘yicha turli reklamalar ko‘payib bormoqda. Shuningdek, ayrim e’lon qilinayotgan “buyurtma” maqolalarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi sha’niga turlicha tuhmatlar yog‘dirilmoqda, deb yozadi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati

“Haj ziyorati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni podshohligining Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Umra ziyorati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ‘Har yilgi Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risida’gi 2006-yil 28-avgustdagi PF-3793-sonli Farmoni bilan tashkil qilingan Jamoatchilik kengashi bilan kelishgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkiloti o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi. Shuni alohida qayd etish kerakki, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yoki O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra va haj tadbirlaridan iqtisodiy manfaat ko‘rmaydi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda Umra tadbirlari yil davomida kvotasiz amalga oshirilishi belgilanib, 2018-yil 28-oktabrdan boshlab haftasiga 3 ta reys, 2019-yilning 1-aprel kunidan e’tiboran haftasiga 7 ta reys asosida Umra safariga O‘zbekiston fuqarolari yuborilmoqda.

Qo‘mita xabarida aytilishicha, diniy ziyoratlarni tashkil etishga vakolati va diniy sohaga aloqasi bo‘lmagan “o‘rtakashlar” ushbu amaliyot bilan shug‘ullana boshlagan. Sababi ushbu faoliyat sezilarli moliyaviy investitsiyani talab etmaydi, bu soha reklamaga muhtoj emas va muntazam daromad manbayini tashkil etadi.

“Shuning uchun ham ayrimlar go‘yoki xalqimiz uchun xizmat qilish da’vosida o‘z manfaatini o‘ylab, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ‘monopoliya’da ayblab tosh otmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ba’zi mahalliy tur agentlar va tijoratchilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga Saudiyaning turizm vizalarini qalbakilashtirish holatlari ham ko‘payib ketganligi to‘g‘risida rasmiy nota olingan. Shuningdek, Saudiya chegara xizmati tomonidan 400 dan oshiq O‘zbekiston fuqarolari deportatsiya qilingan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ayrim “shovvoz” blogerlarga murojaat qildi:

“Iltimos, diniy ibodat masalasida xalqimizni chalg‘itmang hamda davlat organlari va mas’ul idoralarni asossiz ayblashdan tiyiling. Umra ibodatini tashkil etish masalasida hukumat va mutasaddi idoralarni asossiz ayblab, muborak ibodatni sayohat va tijoratga aylantirayotgan, o‘z cho‘ntagini qappaytirish ilinjida, fuqarolarimizning ishonchiga kirib, ulardan moddiy manfaat orttirish maqsadida yurganlarga xizmat qiluvchi bo‘lib qolmang!”.