O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasini tinchlik maqsadlarida yetkazib bermoqda. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Sherzod Xo‘jayev
Foto: O‘zbekiston Energetika vazirligi

O‘zbekistondan Afg‘onistonga 2009-yilgacha juda kam miqdorda elektr energiya yetkazib berilgan. 2009-yildan bu miqdor o‘sha davr uchun 10 barobarga oshirilgan.

Surxondaryodagi “Surxon-500” podstansiyasidan Afg‘onistonga tortiladigan 205 kilometrlik liniya qurilishi bo‘yicha yangi loyihamizning O‘zbekiston hududidagi ishlarini 90 foizga bajarib bo‘ldik. Qurilishning Afg‘onistondagi qismi Osiyo Taraqqiyot bankining grant mablag‘lari evaziga amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘larni olish Afg‘oniston hukumati va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi masala. Bank Afg‘oniston hukumati oldiga liniyalarni to‘liq ishlatish shartini qo‘ygan.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik shartnoma imzolanish kerak edi. Ushbu masala 20—21-sentabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida o‘tgan anjumanda hal etildi. O‘ylaymanki, Afg‘oniston hukumati qisqa muddatda Osiyo Taraqqiyot bankidan grant mablag‘larini olish bo‘yicha muzokaralarni yakunlaydi. 2020-yilning mart—aprel oylarida Afg‘oniston hududida ham qurilish ishlarini boshlaymiz.

Afg‘onistonga elektr energiya yetkazib berish O‘zbekistonga qanday manfaat beradi? Xalqimizda “Qo‘shning tinch — o‘zing tinch” degan maqol bor. Bu Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi asosiy faktor. Ularga elektr energiyasi yetkazib bersak, uyida chiroq bo‘ladi, biror bir ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ishlab chiqarish bilan band bo‘lgan odam, qo‘pol qilib aytganda, qurol ko‘tarib urushga chiqmaydi. Bu loyihaga “O‘zbekiston elektr energiyasini sotib foyda olishi kerak” degan fikr bilan qaramaslik kerak. Buning ma’nosi ancha chuqurroq.

Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan elektr energiyasini O‘zbekistonning ichki ehtiyojlari uchun sarflasak bo‘lmaydimi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan. O‘zbekistonning barcha xalqaro elektr tizimlari bilan aloqasi bor. Shu kecha-kunduzgi ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, elektr va gaz bo‘yicha O‘zbekistonning eksport va import saldosi — nol. Ya’ni, biz tashqariga qancha bersak, yana shuncha olyapmiz va bu siyosatni keyinchalik ham davom ettirishni rejalashtirganmiz.

Surxondaryo viloyatida Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokida juda katta quvvatli quyosh elektr stnatsiyalarani ishga tushirishni reja qilganmiz. Kelgusi 2020-yilning birinchi yarmida dastlabki tenderni yakunlab, shartnoma tuzishni reja qilib yo‘ganmiz. Ushbu loyiha 200 megavatt quvvatga ega bo‘ladi. Kelgusida esa quyosh elektr stansiyalari quvvati 1000 megavattga yetkaziladi.

Agar quyosh elektr stansiyalarini qurib, investordan elektr energiyasini xarid qilib, Afg‘onistonga sotib, ham moliyaviy jihatdan foyda ko‘rsak va Afg‘onistonda tinch hayotga o‘z hissamizni qo‘shsak, bu juda ham yaxshi narsa. Kelgusida boshqa qo‘shni mamlakatlar bilan ham integratsiyaani kuchaytirib boramiz. Hamkorlikda qo‘shimcha elektr liniyalari va stansiyalarini ham quramiz.

Sherzod Xo‘jayev, O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari