Jondor tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda 13-noyabr kuni “Buxorolik fermer xo‘jaliklari paxtani qo‘shib yozishga majburlanmoqda” sarlavhasi ostida tarqalgan maqola yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Foto: Jondor tumani hokimligi matbuot xizmati

Aniqlanishicha, “Bozorbobo Jondoriy” fermer xo‘jaligi rahbari R.Jumaqulov 2002-yildan buyon dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotgani, paxtachilikdan har yili davlat shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarib kelayotgani, joriy yilda ham xo‘jalikda barakali hosil yetishtirilib, 14-noyabr holatida paxta rejasi 142,2 foizga yetkazilgani, bu jarayonda mutlaqo qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘yilganmaganligini bildirdi.

Bundan tashqari, maqolada nomi ko‘rsatilgan “Muhammad Said Ahmad” fermer xo‘jaligi rahbari M.Muhammedov 2017-yildan buyon dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotgani, har yilgi paxta rejasini ortig‘i bilan bajarib kelayotgani, joriy yilning 14-noyabr holatida paxta rejasi 112,5 foizga yetkazilganini, ayni kunda fermer xo‘jaligi dalasida paxta hosilini nobud qilmay davlatga topshirishini, qo‘shib yozish holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaganligini bildirgan.

Taajjubli tomoni, e’lon qilingan maqolada “Bozorboy Jondoriy”, “Muhammad Said Ahmad” va “Muhammad Sardor Zokirshoh” fermer xo‘jaliklari tomonidan bir necha marotaba “0” raqamli yuk xatlari bilan paxta topshirganliklari ko‘rsatilgan.

Biroq paxta topshirish va qabul qilish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, fermer xo‘jaligi paxta ortilgan transport vositasini qabul qilish maskaniga kiritganidan so‘ng fermer xo‘jaligiga berilgan elektron karta (bunday karta har bir fermer xo‘jaligida mavjud) skaner qilinib, fermer haqidagi ma’lumotlar tarozixonada o‘rnatilgan kompyuterda avtomatik ravishda aks etadi. O‘lchangan paxta miqdori avtomatik ravishda dasturda ko‘rinadi va dastur har bir o‘lchangan paxta uchun yuk xati raqamini avtomatik tarzda ketma-ketlikda tanlaydi, shundan so‘ng ma’lumotlar dasturda yuklanib, xotirasida saqlanadi.

Dasturga kiritilgan yuk xatlarini qayta aynan shu raqam bilan kiritish yoki paxta xomashyosi miqdoriga o‘zgartirish kiritish imkoniyati mavjud emas.

Paxta xomashyosini qabul qilish maskanlarida qabul jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan elektron tizim asosida tashkil qilingan bo‘lib, inson omili aralashuvlarisiz amalga oshiriladi hamda ushbu dasturda topshirilgan paxta miqdorini o‘zgartirish yoki qo‘shib yozish imkoniyati mavjud emas. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda chiqarilgan maqola mualliflari masalaning ana shu tomonini atroflicha o‘rganishmagan ko‘rinadilar.

Xulosa shuki, internet tarmog‘idagi maqola yuzasidan davlatga paxta sotish rejasini qo‘shib yozish holati o‘z tasdig‘ini topmadi.

Jondor tumani hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq Shumanayda topshirilgan paxta miqdoriga qo‘shib yozish holati aniqlangan, Xorazmda esa qariyb 2,5 tonna paxtani qayta topshirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan edi. Kuni kecha Buxoro viloyati paxtakorlari 318 ming 300 tonnalik xirmon bilan 2019-yilgi paxta xomashyosini topshirish bo‘yicha yillik shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi.