O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: O‘zA

Muhokama uchun e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, qonunning 29-moddasi (Harbiy xizmatdan bo‘shatish) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:

  • yosh bo‘yicha – u harbiy xizmatda bo‘lishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida, shu jumladan belgilangan tartibda uzaytirilgan harbiy xizmat muddati tugaganda;
  • muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda – chaqiruv bo‘yicha muddatli harbiy xizmatning qonunchilikda belgilangan muddati tugaganda (bo‘shatish uchun boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda);
  • kontrakt muddati tugaganda – bo‘shatish uchun boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda, agar amaldagi kontraktning tugashi vaqtida harbiy xizmatchi yoki vazirlik, davlat qo‘mitasi va idora tomonidan yangi kontrakt tuzmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa;
  • tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati bo‘lmay qolganda va uni bo‘shatishga boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda;
  • sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra – uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
  • tomonlardan birining tashabbusiga ko‘ra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
  • intizomsizligi sababli kursantlar oliy harbiy ta’lim muassasasidan o‘qishdan chetlashtirilishi munosabati bilan, bo‘shatishga boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda;
  • harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakat sodir etganda;
  • davlat sirlari bilan ishlash ruxsatnomasidan mahrum qilinganligi munosabati bilan;
  • ozodlikdan yoki harbiy unvondan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo choralarini nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  •  qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotganligi munosabati bilan yoxud boshqa davlatning fuqaroligi mavjud bo‘lganda.”.

Amaldagi tahrir quyidagicha ko‘rinishga ega:

“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:

  •  u harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda bo‘lishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida;
  • muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda;
  • kontrakt muddati tugaganda;
  • shtatlar qisqarganda yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbir-choralari munosabati bilan harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati bo‘lmay qolganda;
  • salomatligiga ko‘ra — uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
  • qonun hujjatlariga muvofiq taraflardan birining tashabbusiga ko‘ra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
  • harbiy-ta’lim muassasasidan o‘qishdan chiqarilganligi munosabati bilan;
  •  xizmat vazifasiga noloyiq bo‘lib qolganda;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum bo‘lishi munosabati bilan;
  • harbiy xizmatchi harbiy unvonidan mahrum etilishi munosabati bilan;
  • sud hukmi qonuniy kuchga kirganda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan rezervga, harbiy hisobdan chiqarilgan taqdirda esa iste’foga bo‘shatiladi.”

Quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Rezervda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan yoki harbiy-tibbiy komissiya tomonidan sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan yoxud boshqa davlatning fuqaroligiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar iste’foga bo‘shatiladi”.