Davomi: “Aktrisaga shilqimlik qilingan, u esa yurib ketayotgan yuk mashinasidan o‘zini tashlagan”. Gavhar Sharipovaning o‘limi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Aktrisa Gavhar Sharipova Qashqadaryodagi YTHda vafot etgani xabar qilingan edi. Qashqadaryo viloyat YHXB axborot xizmatining “Daryo”ga xabar berishicha, aktrisa yurib ketayotgan avtobusdan tushishga harakat qilgan va ko‘ngilsiz hodisa sabab voqea joyida vafot etgan.

Foto: Kino-teatr.ru

Qashqadaryo viloyat YHXB axborot xizmatining ma’lumot berishicha, voqea 18-noyabrdan 19-noyabrga o‘tar kechasi soat 01:00 da sodir bo‘lgan. G‘uzor tumanining Yorg‘unchi qishlog‘ida harakatlanib ketayotgan avtobusda yo‘lovchi sifatida Surxondaryo viloyatidan Samarqand viloyatiga ketayotgan aktrisa haydovchiga avtobusni to‘xtatishini, tushib qolishini aytgan. Biroq haydovchining ogohlantirishi va avtobus tez harakatlanayotgani haqida ogohlantirishiga qaramasdan avtobus eshigini ochuvchi tugmani bosib, yurib ketayotgan avtobusdan tushishga uringan. Va baxtsiz hodisa sabab voqea joyida vafot etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov-surishtiruv jarayonlari boshlangan.