Aktrisa Gavhar Sharipova 19-noyabrga o‘tar kechasi Qashqadaryo viloyatida fojiali tarzda halok bo‘lgani xabar berildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u Surxondaryodan qaytishda o‘tirgan yuk mashinasining haydovchisi unga shilqimlik qilgan, shundan so‘ng aktrisa soatiga 140 kilometr tezlikda harakatlanib ketayotgan mashina eshigini ochib, undan tushib ketgan va voqea joyida halok bo‘lgan.

Foto: Kino-teatr.ru

Jurnalist Feruz Muhammad aktrisaning do‘stlari, hamkasblari bilan suhbatlashib, ularning Gavhar Sharipova haqidagi xotiralari bilan bo‘lishdi.

“U Rossiyaga yangi hayot boshlash uchun ketgandi”

Gavhar bilan 2009-yilda tanishganmiz. U bilan ko‘p yaxshi kunlarni birga ko‘rdik. O‘sha vaqtlardan boshlab Ulug‘bek Qodirov, Gulchehra Eshonqulovalar bilan do‘st edik.

Hayotni, she’riyatni sevardi. Ilhomga boy qiz edi. Restoranda o‘tirgan vaqtimiz salfetkaga she’r yozgan vaqtlari bo‘lgan.

Uzoq yil ijarada yashadi. Ijarama-ijara ko‘p ko‘chib yurardi. O‘zbekistonda filmlarga takliflar kam bo‘lgani uchun hamda hayoti o‘xshamaganligi sababli Rossiyaga ketgan edi.

Rossiyaga do‘konda sotuvchi bo‘lib ishladi. Bundan tashqari Rossiya shou-biznesi vakillariga she’rlar yozib berdi. Moskvada to‘ylarda boshlovchilik qildi. U Rossiyaga yangi hayot boshlagani ketgandi.

So‘nggi vaqtlarda uni do‘stlari tark etdi, telefonlari javobsiz qolgan. Ko‘p xonandalar Gavharning qo‘shiqlaridan foydalanib, uni nomini aytmas edi.

Vafotidan so‘ng “Gavhar unaqa edi, Gavhar bunaqa edi”, mazmunidagi gap-so‘zlar ko‘paymoqda. Rahmatli Gavhar men bilgan insonlar, aktrisalar ichida eng ochiqko‘ngil, mehriboni edi.

Men uning avtobusdan o‘zini tashlab, halokatga uchraganiga ishonmayman (dastlabki xabarlarda aktrisa yurib ketayotgan avtobusdan tushishga urinib, halok bo‘lgani aytilgan edi — “Daryo” izohi). Dugonamning oila a’zolariga, do‘stlari va hamkasblariga hamdardlik bildiraman.

Feruza Janibekova, Gavhar Sharipovaning dugonasi

“Eng katta orzusi farzand ko‘rish edi”

U juda yaxshi inson edi. Mehribon edi. Esimda, farzandli bo‘lgan vaqtim tug‘uruqxonaga to‘lib-toshib kelardi, so‘nggi puli qolgan bo‘lsa ham, shunga ham xarajat qilib, nimalardir olib kelishga harakat qilardi.

U qattiq tushkunlikka tushib qolgan edi. O‘sha vaqtlarda, o‘zining aytishi bo‘yicha, unda saraton alomatlari paydo bo‘lgan. Buni eri bilib qolgach, uni tashlab ketgan. Gavhar bularni ko‘tara olmadi.  Hayotdan xafa, taqdiridan norizo yashadi. Yashashdan umidi ham qolmagan edi. U tushkunlik holatidan chiqa olmadi. Hayot qiyinchiliklariga bardosh bera olmadi.

‘Opa-singillar’ serialida birga rol ijro qilganmiz. Juda ham mas’uliyatli edi. Eng katta orzusi farzand ko‘rish edi. Ona bo‘lish uchun juda ham ko‘p harakat qildi. Shifokorlarga qatnadi, foydasi bo‘lmadi. “Hammasi yaxshi bo‘ladi, hali yoshsan, hali hammasi oldinda”, deganim bilan foydasiz edi.

Oxirgi marta ikki yil oldin ko‘rishgan edik. Hozir rahmatli deyishga ham tilim bormayapti, yuragim ezilmoqda.

Feruza Sobitova, aktrisa

“Biz umuman tortishib qolmaganmiz…”

Bir aktrisa uchun nima kerak bo‘lsa, Xudo hammasini — chiroy, nutq, qobiliyatni unga bergan edi. Gavhar Sharipova institutda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq, diplom ishi spektaklida “Yilning eng yaxshi” aktrisasi nomiga sazovor bo‘lgan edi.

Yaxshi eslayman, o‘shanda u “Nomi o‘chsin” nomli tarixiy spektaklda malika rolini maromiga yetkazib ijro qilgan edi. U ham teatrda, ham kinoda juda mahoratli aktrisa edi.

‘Opa-singillar’ serialida u bilan uch yil — 2010-yildan 2013-yilgacha partnyor bo‘lib o‘ynadik. Menga nisbatan tajribasi baland edi. Odatda partnyorlar o‘rtasida ko‘p kelishmovchiliklar chiqadi, ammo biz umuman tortishib qolmaganmiz.

Rollariga juda mas’uliyat bilan yondashar edi. Gavharni oxirgi marta ‘Opa-singillar’ning so‘nggi epizodini suratga olganimizda — 2013-yilda ko‘rgan edim. So‘nggi vaqtlarda depressiyaga tushib qolgan, degan gaplarni eshitgandim.

Bekzod Mirzayev, aktyor