Amerikaning elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla Inc kompaniyasi yangi zirhli Cybertruck pikapini namoyish qildi. Elektromobilning boshlang‘ich narxi 40 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: AP

Tesla rahbari Ilon Mask yangi elektrokar taqdimotini 22-noyabr, juma kuni Los-Anjelesda o‘tkazgan. Taqdimot kompaniya saytida to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish qilindi.

Elektropikapning korpusi futurik dizaynga ega va o‘ta qattiq yaltiroq po‘latdan yasalgan, oynalari zirhlangan.

Cybertruck bir marta quvvatlanganidan keyin mos ravishda 400, 480 va 800 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladigan uchta komplektatsiyada ishlab chiqariladi.

Bazaviy komplektatsiyadagi ya’ni to‘liq quvvatlanganidan keyin 400 kilometr masofani bosib o‘ta oladigan pikapning narxi 39,9 ming, 480 kilometrgacha bora oladigan model 49,9 ming, eng ilg‘or model esa 69,9 ming AQSh dollariga baholangan. Modellar dvigatellar soni bo‘yicha ham bir-biridan farq qiladi.

Tesla elektropikapining yuk ortish quvvati 1,5 tonnagacha. Kompaniya o‘z rasmiy saytida oldindan buyurtma qabul qilishni boshlagan, biroq pikapning qachon sotuvga chiqishini e’lon qilmagan. Cybertruck’ni ishlab chiqarish 2021-yilda, uchta dvigatelga ega pikapni ishlab chiqarish esa 2022-yilda boshlanadi.

Foto: Twitter

Foto: Twitter

Foto: Twitter