O‘zbekistonda hech bir tergov organida, xususan, prokuraturada ham biror fuqaroni 48 soatdan ortiq ushlab turish vakolati bo‘lmasligi lozim. Bu haqda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi rahbari Narimon Umarov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Narimon Umarov.
Foto: MSK Xalqaro matbuot markazi

Muxbirning: “Abdulloh Tohirovning oilasi uning yo‘qolib qolgani haqida e’lon qilganidan so‘ng, faqat sizning partiyangiz bu oilani qo‘llab-quvvatladi va Bosh prokuratura, IIVdan qo‘lga olish sabablarini ochiqlashni so‘radi. Ishning yakunidan qoniqish hosil qildingizmi? Ulardan javob ololdingizmi?”, degan savoliga, Narimon Umarov shunday javob bergan:

Biz ularga vaziyatni oydinlashtirib berib, yigitni qo‘yib yuborishlari uchun murojaat qildik. Hozircha ijtimoiy tarmoqlar orqali ham, rasman ham javob olganimiz yo‘q. Bunday holatlar ortiq takrorlanmasligi lozim. Bu mazkur organlarning o‘zboshimchaligi. Bunday holatlar yillar davomida to‘planib kelmoqda. Bunday holatlar juda ko‘p.

Shu bois ham biz tergov organlari, prokuror fuqaroni biror nimada ayblab, 48 soatdan ortiq ushlab turish huquqiga ega bo‘lmasligi kerak, deyapmiz. Prokurordan mustaqil tergov qo‘mitasi bo‘lishi kerak.

U yigit nima uchun 15 kunga qamalganini men tushunganim yo‘q. Buning sabablarini butun xalqimiz ham bilmaydi. Agar u nimadadir aybdor bo‘lsa, unga nisbatan qonunchilikka muvofiq ayblov e’lon qilinishi lozim.

Ushbu o‘zboshimchalik bu organlar o‘zini haq deb hisoblagani uchun yuz berdi. Lekin ular hech qayerda hech narsani izohlab berishgani yo‘q. Biz bunday holatlar batamom yo‘q bo‘lishini xohlaymiz. Prokuratura avvalo qonuniylikni ta’minlashi kerak, jazolovchi organga aylanib qolmasligi lozim. Ular xalqqa qarshi emas, xalq uchun ishlashlari kerak. Vaholanki, o‘zi qonunni buzib turibdi. Prokuratura hatto siyosiy partiyalarga javob berishni ham o‘ziga ep ko‘rmayapti.

Narimon Umarov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi

Eslatib o‘tamiz, andijonlik Abdulloh Tohirov 26-oktabr kuni, taxminlarga ko‘ra, Anlijon viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘ining mashinasi bilan to‘qnashuv sodir etganidan so‘ng, bedarak yo‘qolgan edi. Uning yo‘qolgani haqida dastlab, 2-noyabrda ijtimoiy tarmoqlarda, 4-noyabrdan boshlab internet-nashrlarda xabarlar tarqatilgan edi.

Foto: “Kun.uz”

7-noyabr kuni IIV “Abdulloh Tohirov ishi bilan boshqa idora shug‘ullanayotgani” haqida bayonot berdi, ertasiga Yoshlar Ittifoqi ham IIVning ushbu xabarini tasdiqladi. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi esa ushbu holatda o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ygan organ xodimlariga nisbatan chora ko‘rish, shuningdek, yigitning ikki hafta davomida qayerda ushlab turilgani haqida mutasaddilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni talab qilib chiqdi.

9-noyabrga o‘tar kechasi Abdulloh Tohirov uyiga qaytgani ma’lum bo‘ldi, lekin u o‘tgan kunlar davomida aynan qayerda va nima uchun saqlab turilgani haqida axborot berilmadi.