2-dekabr, dushanba kuni “Toshkent—Termiz” yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezd to‘xtab qolib, yo‘lovchilar o‘nlab avtobuslarda tashilgan edi. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, “Jarquduq—Dehqonobod” temir yo‘l oraligida yuk poyezdi yuz bergan nosozlik tufayli to‘xtab qolgan. Bu esa “Toshkent—Termiz” hamda “Toshkent—Sariosiyo” poyezdlarining harakat jadvaliga ta’sir etgan.

“Yo‘lovchilarini o‘z manzillariga yetkazish borasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mutaxassislari tomonidan o‘z vaqtida chora ko‘rildi. Jumladan, ularning barchasi avtobuslarda belgilangan joyga yetkazib qo‘yildi. Hozirgi vaqtda poyezdlar qatnovi tiklandi”, — deyiladi xabarda.