Ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, ommabop Telegram kanallari, blogerlarning sahifalarida O‘zbekistonning ayrim hududlarida 2018-yil boshida tugatilgan nazorat postlari qayta tiklanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

“Sof.uz” nashrining xabar berishicha, “Farg‘ona—Vodil”, “Farg‘ona—Avval” yo‘llarida 2018-yil boshida tugatilgan nazorat postlari qayta tiklangan. Bloger Sherali Soliyevning mushtariylari Quvasoy shahriga kirishdagi “Pakana” posti, Qo‘chqorchiga kirishdagi post, “Quvasoy—Arsif” yo‘nalishidagi “Behizor” postlari qayta tiklanganini ma’lum qilgan.

Blogerning mushtariylari, shuningdek, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Agrar universitet bilan Salor qo‘rg‘oni oralig‘idagi post qayta tiklangani haqida ham yozgan. Bundan tashqari, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi “Sarmijon” va “Eshonko‘prik” postlari faoliyati 2018-yil boshida to‘xtatilgach, ko‘p o‘tmay yana qayta tiklangani ta’kidlangan.

“Daryo”ning hukumatdagi manbasining ma’lum qilishicha, Farg‘ona viloyatidagi faoliyati qayta tiklangan postlar 22-dekabrga qadar faoliyat yuritadi, parlament saylovi o‘tgach yana olib tashlanadi. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, postlarni qo‘riqlash Milliy gvardiya va DXX xodimlariga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, viloyatlar chegaralaridagi nazorat postlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga 2017-yilgi murojaatnomasidan so‘ng olib tashlangan edi. Prezident bunday postlarning “eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani”ni ta’kidlagan edi.

“O‘zingiz o‘ylang, bugungi kunda mamlakatimiz hududida 60 dan ziyod bunday post mavjud. Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinasida bormoqchi bo‘lsa, yo‘lda 17 ta postdan o‘tadi. Farg‘ona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi”, — degandi davlat rahbari o‘shanda.