Farg‘ona viloyatining Quva tumani aholisi 30-noyabr kuni 18:00 da yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Bu haqda tuman IIBga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

“Tuman hokimi, IIB boshlig‘i, tuman gaz idorasi xodimlari, tuman elektr tarmoqlari rahbarlari aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muammolar shu kunning o‘zidayoq bartaraf etildi”, — deya ma’lum qilgan IIB vakillari.

Xabar berishlaricha, gaz quvurining yorilib ketishi oqibatida gaz ta’minoti uzilib qolgan, oqibatda elektr energiyasi iste’moli oshib ketib, bu elektr ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘lgan.

Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi “Gazeta.uz”ning so‘roviga asosan Farg‘ona viloyati, xususan Quva tumanida elektr ta’minotida tez-tez uzilishlar bo‘layotgani yuzasidan izoh bergan.

Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, u har kuni 17,4 million kVt⋅s elektr energiyasi yetkazib bermoqda (joylardagi cheklovlar bilan), vaholanki, hudud uchun tasdiqlangan reja 16,6 million kVt⋅sni, elektr energiya ishlab chiqarish balansi esa 16,3 million kVt⋅sni tashkil etadi.

Ayni vaqtda viloyatdagi iste’molchilarning kunlik ehtiyoji 20 million kVt⋅s deb baholangan.

Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasiga elektr energiya ishlab chiqarishni 2,6 million kVt⋅sga oshirish zarurligi haqida taklif kiritgan. Korxona vakillarining qayd etishicha, mutaxassislar “elektr energiyaning sifatli ta’minotini ta’minlash maqsadida kun-u tun mehnat qilmoqda”.

Quva tumani asosan 110 kV kuchlanishli “L-Quva”, shuningdek, 35 kV kuchlanishli “L-Navro‘z”, “L-Sharqiy Arsif”, “L-Soyguzar”, “L-Anor”, “L-Toshhovuz” va “L-BT” elektr uzatish havo liniyalari hisobidan elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Sovuq kunlar boshlanishi bilan elektr energiya iste’moli oshadi. Korxona vakillarining ta’kidlashicha, energotizimning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joylardagi elektr uzatish liniyalarida cheklovlar joriy etiladi.

30-noyabr kuni quyidagi liniyalarda elektr ta’minotining o‘chirilishi kuzatilgan:

  • “L-Quva” — soat 2:49 da o‘chirilgan, 4:08 da qayta ulangan; 1 soat 19 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-Quva” — soat 7:15 da o‘chirilgan, 7:54 da qayta ulangan; 39 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-Quva” — soat 9:40 da o‘chirilgan, 10:12 da qayta ulangan; 32 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-Soyguzar” — soat 6:36 da o‘chirilgan, 8:00 da qayta ulangan; 1 soat 46 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-Soyguzar” — soat 18:00 da o‘chirilgan, 19:00 da qayta ulangan; 1 soat elektr bo‘lmagan;
  • “L-BT” — soat 5:04 da o‘chirilgan, 6:10 da qayta ulangan; 1 soat 6 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-BT” — soat 17:05 da o‘chirilgan, 18:00 da qayta ulangan; 55 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-Sharqiy Arsif” — soat 12:00 da o‘chirilgan, 13:30 da qayta ulangan; 1 soat 30 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-Sharqiy Arsif” — soat 18:00 da o‘chirilgan, 19:00 da qayta ulangan; 1 soat elektr bo‘lmagan;
  • “L-Sharqiy Arsif” — soat 1:55 da o‘chirilgan, 4:10 da qayta ulangan; 2 soat 15 daqiqa elektr bo‘lmagan;
  • “L-Sharqiy Arsif” — soat 6:10 da o‘chirilgan, 6:35 da qayta ulangan; 25 daqiqa elektr bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, 27-noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov raisligidagi energiya ta‘minotidagi muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazib, soha mutasaddilarini keskin tanqid qilgan edi. Xususan, hatto metropoliten faoliyati va teleuzatishlar vaqtida ham elektr uzilib qolishini bosh vazir “sharmandali holat” deya ta’riflagan edi. Ushbu selektordan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston 1-dekabrdan boshlab Turkmanistondan elektr energiyasi import qilishi haqida xabar berildi.

Avvalroq Farg‘ona viloyatida 2018-yil boshida tugatilgan nazorat postlari qayta tiklanayotgani haqida xabar berilgan edi.