Yangi tadqiqotga ko‘ra, atmosferadan karbonat angidrid gazini yig‘ish va uni yoqilg‘iga yoki, qurilish materiallariga aylantirish sohasi yangi biznes yo‘nalishga aylanishi mumkin. Bu haqda “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov hikoya qiladi.

Los-Anjelesdagi Kaliforniya texnologik universiteti, Oksford universiteti va yana beshta yetakchi ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan o‘tkazilgan izlanishi natijalariga ko‘ra, havodan karbonat angidridni yig‘ish va uni qayta ishlash orqali, yoqilg‘i yoki qurilish materiallarga aylantirish sohasi tijorat nuqtai nazaridan yangi yirik biznes yo‘nalishiga aylanishi mumkinligi qayd etilgan.

Foto: Google Photos

Agar bu ish amalga oshsa, u orqali albatta issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish va atrof-muhit muhofazasi borasida katta ishlar qilish imkonini beradi. Bu haqdagi maqola mualliflar guruhi tomonidan Nature jurnalida e’lon qilingan.

Maqolada ta’kidlanishicha, olimlar atmosferadan uglerod dioksidini tutish va undan yoqilg‘i, plastmassa, qurilish ashyolari, tuproqshunoslik mahsulotlari, o‘rmon xo‘jaligi uchun kimyoviy moddalar singarilarni ishlab chiqarish singari imkoniyatlarini chamalaydigan 10 xil qayta ishlash usulini tahlil qilib chiqqan. Albatta, har bir usul uchun iqtisodiy samaradorlik va texnik imkoniyatlar o‘rganib chiqilgan. Tadqiqotlarda yonilg‘i yonishi tufayli hosil bo‘ladigan va atmosferaga tashlanayotgan karbonat angidrid gazini tutib qolish va atmosferaning o‘zidan ham, mavjud uglerod dioksidni yig‘ish texnologiyalari ko‘rib o‘tilgan. Asosiy urg‘u uglerod dioksidini biotexnologiyalar vositasida, xususan, fotosintez singari jarayonlar orqali “tutish” imkoniyatlarini tekshirishga qaratilgan.

Tadqiqot xulosalari ham qiziq. Unga ko‘ra, tahlil qilib chiqilgan 10 xil usulning har biri yiliga o‘rtacha 0,5 gigatonna karbonat angidrid gazini tutib qolish va foydali mahsulotga aylantirish imkonini berar ekan. Ya’ni bu texnologiyalar shuncha uglerod dioksidni atmosferaga tashlanishining oldini oladi.

Maqolaning iqtisodiy tahlillar berilgan qismida esa uglerod dioksidining har bir tonnasi o‘rtacha 100 AQSh dollaridan kamroqqa tushishi hisoblangan. Eng katta potensialga ega qayta ishlash sohasida yillik karbonat angidrid gazi iste’moli 10 gigatonnagacha borib yetishi taxmin qilingan.

“Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, karbonat angidrid gazini foydali mahsulotlarga qayta ishlash sohasi nafaqat global iqlim muammolariga qarshi kurashda yordam sifatida qaralishi mumkin; balki bozor iqtisodiyotining ko‘plab sohalari uchun daromadli biznesga ham aylanishi mumkin ekan”, – deya izoh berib o‘tgan maqola mualliflaridan biri, kimyo va biomolekulyar muhandislik professori Emili Karter. U yana “vaqtingiz kam, tezkor ishga kirishish kerak”, deya qo‘shimcha qilgan.

Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha xalqaro ekspertlar guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, XXI asr oxirigacha bo‘lgan keyingi yillarda global iqlim isishini 1,5 darajadan oshirmaslik maqsadi uchun atmosferadan yiliga ming gigatonnagacha karbonat angidrid gazini yig‘ib olish zarur bo‘lar ekan. Hozirda jahon bo‘ylab atmosferaga karbonat angidrid gazi tashlanishi miqdori yiliga o‘rtacha 1 foizdan ortib bormoqda va o‘tgan 2018-yilda rekord ko‘rsatkich – jami 37 gigatonnani tashkil qilgani aytilmoqda.

Maqola hammualiflaridan biri Oksford tadbirkorlik maktabi direktori Kemeron Xepbern esa “basharti biz uglerod oksidlarini atmosferaga tashlash miqdorini kamaytira olmayotgan ekanmiz, iqlim muammolarini bartaraf etish yo‘lida, endi, atmosferadagi uglerod oksidlarini yig‘ish qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Hukumat va korporatsiyalar albatta bu borada ish boshlashgan, lekin, e’tibor hanuz yetarlicha emas”, – deb qo‘shimcha kiritgan.