Hayotning ko‘p jabhalarida bo‘lgani kabi, sovet ittifoqi EHM yaratish va amaliyotda qo‘llash borasida ham jahondan ancha orqada qolgan edi. “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov bu haqda batafsil hikoya qiladi.

Hozirgi ma’nosiga eng yaqin bo‘lgan EHMning ilk namunasini aslida 1884-yilda German Gollerit yaratgan bo‘lib, u AQShda aholini ro‘yxatga olish jarayonini avtomatlashtirish uchun qo‘llanilgan elektromexanik hisoblash mashinasi bo‘lgan. 1911-yilda Golleritga tegishli TMC kompaniyasi boshqa shu sohaga yaqin kompaniyalar bilan birlashdi va biz yaxshi taniydigan IBM korporatsiyasiga asos solindi. Keyinchalik Germaniyada 1938-yilda Z1, 1944-yilda esa AQShda Mark-1 kompyuterlari yaratilgan. Sovet Ittifoqida esa bu borada amaliy ishlar ancha kech boshlangan. Sovetlarning ilk EHM namunasiga patent 1948-yilning 4-dekabrida berilgan. Shunda ham patent hali ishchi namunasi bo‘lmagan mashina uchun berilgan edi.

Bruk, Rameyev va ular olgan patent.
Foto: Wikipedia

SSSRdagi birinchi kompyuter patentiga Isaak Bruk va Bashir Rameyev egalik qilgan. Ular oradan ikki yil o‘tgachgina, haqiqiy, ishlaydigan EHMni yig‘a olgan. 1950-yilda yig‘ilgan va oddiygina M-1 deb nomlangan Bruk-Rameyev kompyuterida birorta boshqaruv organi bo‘lmagan (hattoki monitori ham). Bu kompyuter bilan ishlashda maxsus perfokartadan foydalanilgan. Qog‘ozga muayyan tartibda ishlangan teshiklar orqali kompyuter “dasturlangan”.

Aslida SSSRda kompyuterni yaratish borasida Bruk va Rameyevdan ilg‘orroq boshqa mutaxassis – akademik Sergey Lebedev ham bor edi. Biroq Lebedev o‘z mashinasiga shunchaki patent olishdan ko‘ra uni amaliy ishlaydigan qilishni afzal bilgan. Shu sababli ittifoq parchalanguniga qadar mamlakatda informatika kuni sifatida Bruk va Rameyev patent olgan kun nishonlangan.

Lebedevning “Kichik elektron hisob mashinasi” (MESM) deb nomlangan kompyuteri ham ilk bor 1948-yilda sinovdan o‘tkazilgan edi. U soniyasiga 50 ta amal bajara olgan. 1951-yilda Lebedev “Katta elektron hisoblash mashinasi”ni (BESM) ham tayyorlab namoyish qilgan. Biroq u ham o‘ziga zamondosh bo‘lgan G‘arb ishlanmalari, xususan, amerikaliklarning ENIAC kompyuteridan ancha kuchsiz bo‘lgan.

Lebedev hamkasblari bilan.
Foto: Wikipedia

Patent berilgan yilning o‘zida Stalin buyrug‘i bilan “Aniq mexanika va EHM instituti” tuzilgan. Tashkilot ittifoqda EHM va u bilan bog‘liq fanlarni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak edi.

Aynan shu yili AQShda Norbert Vinner tomonidan “Kibernetika” kitobi ham nashrdan chiqqan (Vinner kibernetika fani asoschisi hisoblanadi). Kitobning bir necha nusxasi ittifoqqa yetib kelgan bo‘lsa-da, u tarjima qilinmagan va faqat maxfiy arxivlarda saqlangan. Vinner kitobining bir nusxasi 1952-yilda mudofaa vazirligida xizmat o‘tayotgan Anatoliy Kitov ismli yosh olim qo‘liga tushib qolgan. SSSRda kompyuter texnikasi va kompyuter tarmoqlarini joriy qilishning ahamiyatini aynan Kitov ilmiy tahlil qila boshlagan va amaliy harakatga tushgan. U kompyuter tarmoqlarini yaratish orqali xalq xo‘jaligi, iqtisodiyot, mudofaa, ta’lim va boshqa sohalarda katta muvaffaqiyatga erishish mumkinligini fahmlab yetgan. Kitov kompyuter tarmoqlarining afzalligini mamlakat rahbariyatiga tushuntirish maqsadida havo hujumiga qarashi mudofaa, sohil qo‘riqlash xizmati va artilleriya komplekslarini qamrab oluvchi avtomatik kompyuterlashgan tizimlarni barpo qilish misolini ko‘rsatib, kitoblar yozgan va hukumatdagilarga maktublar yo‘llagan (u masalaning harbiy ahamiyati ochib berilsa, hukumat tezroq reaksiya bildiradi va xayrixoh bo‘ladi deb o‘ylagan). U SSSRda va EHM tarmoqlarini rivojlantirishga zo‘r berib harakat qila boshlagan. 1959-yilda Kitov butun SSSRni qamrab oluvchi ichki kompyuter tarmog‘i – “Yagona davlat elektron hisoblash mashinalari markazlari tarmog‘i” loyihasini ishlab chiqqan va shaxsan Xrushchyovga taqdim etgan. Biroq Kitov har qancha urinmasin, uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan biror odam topilmagan. Aksincha, hukumatdagilar ham, yaqinidagilar ham bu fikrlarga loqayd munosabatda bo‘lganidan Kitov qattiq xunob bo‘lgan. U kompyuterlashtirishning ahamiyatini hech kim fahmlamayotganidan qattiq jig‘ibiyron bo‘lgan. Bir necha oy o‘tib, Kitov Xrushchyovga ikkinchi bor xat yo‘llab, yana bir bora mamlakatda kompyuterlashtirishning ahamiyatini bayon qilgan va bu borada jahonda ortda qolmaslik kerakligini ta’kidlagan.

Shundan keyin SSSRga xos bo‘lgan tarzda Kitovga nisbatan g‘alati munosabat boshlangan: u partiyadan haydalgan, o‘zi tashkil qilgan mudofaa vazirligi EHM-markazi rahbarligidan ham bo‘shatilgan. Keyinchalik uning g‘oyalarini qayta jonlantirishga bir necha odam urinib ko‘rgan bo‘lsa-da, SSSRda baribir na kompyuter texnikasi, na yagona davlat tarmog‘i rivojlanmay qolaverdi. Yaratilgan namunalar deyarli bitta xonani egallovchi, energiya iste’moli jihatdan ham juda serxarajat mashinalar bo‘lib chiqqan. Uloqni esa G‘arbda IBM, Apple singarilar ilib ketganini bugun barchamiz yaxshi bilamiz.