Xitoyning Suchjou shahrida 3D-printerda tayyorlangan eng katta obyektning qurilishi yakunlandi. Winsun kompaniyasi toshqinlardan himoya uchun 500 metr uzunlikdagi devorni qurdi. Bu haqda TJournal xabar berdi.

Foto: TJournal

Konstruksiya alohida qismlardan qurilgan, biroq to‘liq yig‘ilgan ko‘rinishda devor 3D-printerda chop etilgan eng yirik obyekt hisoblanadi. Devor qirg‘oq chizig‘ini suvning ta’siridan himoya qilishga imkon beradi, toshqinlar paytida esa u to‘lqinlarning energiyasini yutadi.

Odatda devorlar kanal va daryolar qirg‘oqlarini o‘rashda, quruqlikni suv yuvishidan asrash uchun foydalaniladi. Qirg‘oqlarni himoyalovchi devorlar esa g‘ishtdan foydalanishni talab qiladi, shuning uchun ular qimmat va murakkab loyiha hisoblanadi.

Qirg‘oqlarni himoyalovchi devorlar qurishda atrof-muhitga zarar yetadi — qirg‘oqni sun’iy ravishda o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Winsun kompaniyasi tomonidan ma’lum qilinishicha, devorni 3D-printerda tayyorlash qirg‘oq chizig‘ini o‘zgartirmaslikka imkon berdi hamda an’anaviy uslubdan arzon va osonroq bo‘lib chiqdi.