Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida yashovchi ayol erining jazmaniga 7 marta pichoq urib, jarohat yetkazganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayevning ma’lum qilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tuman sudining hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Diyoraga (ismi o‘zgartirilgan) nisbatan Jinoyat Kodeksining 25 (Jinoyatga suiqasd qilish), 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan 57-moddasi (Yengilroq jazo qo‘llash)ni qo‘llab, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Qo‘shrabot tumani “Qo‘ralos” mahallasida yashovchi Faridaning (ismi o‘zgartirilgan) yashash uyiga unga oldindan tanish bo‘lgan Qo‘shrabot tumani “Do‘stlik” mahallasi “Boqichag‘atoy” qishlog‘ida yashovchi 49 yoshli erkak Aziz (ismi o‘zgartirilgan) kelgan. Ular birgalikda pivo ichgan.

9-iyul kuni ertalab soat taxminan 07:30 atrofida 35 yoshli ayol Diyora (ismi o‘zgartirilgan) turmush o‘rtog‘i Azizni (ismi o‘zgartirilgan) izlab Faridaning (ismi o‘zgartirilgan) yashash uyiga kelgan va ularning birga bo‘lgan holatini ko‘rgach, o‘zaro janjal yuzaga kelgan. Oqibatda Diyora (ismi o‘zgartirilgan) uyidan o‘zi bilan birga olib kelgan oshxona pichog‘i bilan Farida (ismi o‘zgartirilgan)ga 7 marotaba zarba bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Aziz (ismi o‘zgartirilgan) xotinining qo‘lidan pichoqni olib qo‘yganligi sababli ayol Faridani (ismi o‘zgartirilgan) qasddan o‘ldirishga qaratilgan jinoiy harakatini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, oxiriga yetkazolmasdan, jinoyat sodir qilishga suiqasd qilgan.

Qo‘shrabot tuman shifokorlarining yordami bilan jabrlanuvchi Farida (ismi o‘zgartirilgan) zudlik bilan operatsiya qilinib, uning joni saqlab qolingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi G‘ayrat Negmatovning ma’lum qilishicha, sudlanuvchi Diyora (ismi o‘zgartirilgan) aybiga to‘liq iqrorligini, chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib apellyatsiya shikoyati kiritgan. Tayinlangan jazoni yengillashtirishni yoki Jinoyat Kodeksining 72-moddasiga asosan shartli jazo tayinlashni so‘ragan.

Qo‘shrabot tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasining xulosasiga ko‘ra, Faridaga yetkazilgan tan jarohati hayot uchun havfli bo‘lgan tan jarohatlari guruhiga kirishligi qayd etilgan. Apellyatsiya instansiyasi sudi hukmni o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos mavjud bo‘lmaganligi hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.