Amerikalik taniqli reper Juice Wrld (haqiqiy ismi — Jerad Entoni Xinggins) 21 yoshida Chikagoda vafot etdi, deb xabar beradi TMZ.

Foto: Variety

Ma’lumotlarga ko‘ra, 8-dekabr kuni musiqachining ahvoli Los-Anjelesdan uchib kelganida, aeroportda yomonlashgan, og‘zidan qon oqa boshlagan. Shifokorlar uni zudlik bilan shifoxonaga yetkazgan bo‘lsa-da, uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. Reperning o‘limiga aynan nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.

Juice Wrld o‘z faoliyati davomida ikkita studiya albomi va ikkita qo‘shiqlar to‘plamini chiqargan. Uning 2018-yilda chiqqan “Goodbye & Good Riddance” ilk diski AQSh xit-paradida to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, navbatdagi “Death Race for Love” plastinkasi esa yetakchi bo‘lgan. Jerad Entoni Xinggins Billboard 2019 mukofotida “Eng yaxshi artist” nominatsiyasiga loyiq ko‘rilgan.